O‘zbekiston genomikasi xalqaro e’tiborda
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ekinlarning genetik xususiyatlarini o‘rganish va yuqori hosildor navlarni yaratishda genomika va bioinformatika sohasidagi tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada O‘zbekistonda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xalqaro mutaxassislarda ham qiziqish uyg‘otmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Syuy Dun’yuy boshchiligidagi delegatsiya Genomika va bioinformatika markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ilmiy-tadqiqot salohiyati va zamonaviy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi.

Delegatsiya a’zolariga Markazning infratuzilmasi, molekulyar biologiya va bioinformatika sohalarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Markazda ilmiy xodimlar va yosh tadqiqotchilar uchun zamonaviy ilmiy izlanishlar olib borish, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish, tajriba almashish hamda yangi innovatsion ishlanmalar yaratish uchun zarur sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi.
Markaz laboratoriyalarida qishloq xo‘jaligi ekinlari genomikasi, markerlarga asoslangan seleksiya, gen va hujayra muhandisligi yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Mazkur ishlar delegatsiya vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA