Navoiyda variativ ta’lim qamrovi 3,2 barobarga kengaydi
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish, ularning qobiliyati va qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlarni yaratishdir. Ayniqsa, ta’lim tizimida har bir o‘quvchining individual qobiliyati, qiziqishi va kelgusidagi kasbiy maqsadlarini inobatga olgan holda ta’lim berishga alohida e’tibor berilmoqda. Navoiy viloyatida ham mazkur yo‘nalishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.
– Hozirda ta’lim tizimida o‘quvchining shaxsiy qiziqishi va qobiliyatiga mos yondashuvni kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi O‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar shu’basi bosh metodisti Shahlo Rahmonova. – Chunki har bir bolaning iqtidori va qiziqishi turlicha. Kimdir aniq fanlarga, kimdir texnika yoki iqtisodiy yo‘nalishlarga qiziqishi mumkin. Variativ ta’lim esa ana shu individual xususiyatlarni hisobga olgan holda o‘quvchilarga o‘z qiziqishlari bo‘yicha chuqurroq bilim olish imkonini beradi. 2025-2026 o‘quv yilida viloyatdagi 18 ta maktabda 36 ta variativ sinf tashkil etilib, ularda 1 012 nafar o‘quvchi qamrab olingan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida 33 ta maktabda 114 ta variativ sinf faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 3 261 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Natijada bir yil davomida variativ sinflar hamda ularda tahsil olayotgan o‘quvchilar qamrovi 3,2, maktablar soni esa 1,8 barobarga oshdi. Shuningdek, variativ ta’lim yo‘nalishlari ham kengayib, ularning soni 7 tadan 11 taga yetkazildi.

Ayni paytda variativ sinflarda o‘quvchilarning eng katta qiziqishi moliya-iqtisod, muhandislik (texnologiya) va tabiiy fanlar yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, 35 ta sinf moliya-iqtisod, 21 ta sinf muhandislik (texnologiya), 18 ta sinf esa tabiiy fanlar yo‘nalishida tashkil etilgan.
Variativ sinflarning 90 tasi o‘zbek, 18 tasi rus, 4 tasi qozoq hamda 2 tasi qoraqalpoq tilida faoliyat yuritmoqda.

Eng muhimi, bu jarayon yoshlarning intellektual va kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos tayyorlash hamda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri