Gulistonda zamonaviy media markaz ish boshlaydi
Guliston davlat pedagogika institutida talabalarning media savodxonligi va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda sifatli kontent yaratish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan zamonaviy media markaz tashkil etiladi.
Markazni tashkil etish bo‘yicha kelishuv Yevropa Ittifoqining xalqaro loyihasi, «Yuksalish» harakati va Guliston davlat pedagogika instituti vakillari o‘rtasidagi uchrashuvlar doirasida erishildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari institutning ta’lim va ilmiy salohiyati, infratuzilmasi, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda yoshlar bilan ishlash tizimi bilan tanishdi. Muzokaralarda zamonaviy media muhiti uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularning axborot makonida faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Yangi media markazda talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, media savodxonlik va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, foto va videokontent tayyorlash, zamonaviy media vositalaridan samarali foydalanish hamda ijodiy g‘oyalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Shuningdek, talabalar axborotni tekshirish va tahlil qilish, ishonchli manbalar bilan ishlash, noto‘g‘ri va asossiz ma’lumotlarni aniqlash, dezinformatsiyani farqlash hamda raqamli muhitda mas’uliyatli axborot iste’moli ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uchrashuvda “Idrok-O‘Z” loyihasi mutaxassisi, Yevropa Ittifoqining Belarus, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha koordinatori Irakli Jgharkava, ALDA kommunikatsiyalar bo‘limi rahbari Biatrich Trassatani, «Yuksalish» harakatining Sirdaryo hududiy bo‘linmasi rahbari, viloyat hokimi maslahatchisi Nodira Davronova hamda institut rahbariyati vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqi, Konrad Adenauer jamg‘armasi, «Yuksalish» harakati va Guliston davlat pedagogika instituti hamkorligida amalga oshirilmoqda.

— Media markazda talabalarning mustaqil loyihalarini ishlab chiqishi, ijtimoiy va ta’limiy mavzularda kontent tayyorlashi, zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tajriba orttirishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Bu ularning kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun muhim bo‘lgan ijodiy, tahliliy va raqamli ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi, — deydi institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nurbek Ayaqulov.


Media markazning tashkil etilishi xalqaro hamkorlikning amaliy natijalaridan biri bo‘lib, talabalar uchun zamonaviy axborot muhitida o‘z g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, media loyihalar yaratish va kasbiy tajriba orttirishga yangi imkoniyatlar ochadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri