O‘zbekiston-Vengriya: oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik yanada rivojlanadi
Samarqandda O‘zbekiston-Vengriya rektorlarining uchinchi forumi o‘tkazildi.
“Raqamli davrda oliy ta’lim: sun’iy intellekt, innovatsion modellar va global raqobatbardosh universitetlar” mavzusidagi forumda ikki davlat oliy ta’lim sohasi mas’ullari va yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Anjumanning ochilishida O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Vengriya rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli, Vengriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jozef Rozsa va Obuda universiteti rektori Levente Kovach so‘zga chiqib, keyingi yillarda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. 2017-yilda imzolangan ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hukumatlararo bitim asosida davlatlarimiz o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilib, izchil rivojlanmoqda.
[gallery-27994]
– Dastlab Vengriya bilan oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlari asosan akademik dasturlarni amalga oshirish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini o‘z ichiga oldi, – dedi O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, Vengriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun “Stipendium Hungarichum” stipendiya dasturi doirasida ta’lim grantlari kvotasini ajratishni boshladi va dastlab stipendiya o‘rinlari 30 tani tashkil qilardi. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab kvotalar soni 200 o‘ringa yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonning 50 dan ortiq oliy ta’lim tashkiloti Vengriyaning 30 dan ziyod universitet va ilmiy-ta’lim tashkilotlari bilan turli yillarda imzolangan 100 ga yaqin hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumlari asosida hamkorlik aloqalarini amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston-Vengriya hamkorligidagi axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, muqobil energiya manbalari, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va ekologik loyihalarni qamrab oluvchi 17 ta startap loyiha moliyalashtirilgan.
Vengriya rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli ham ilk bosqichda muloqot va o‘zaro tanishuv bilan boshlangan hamkorlik bugungi kunda aniq institutsional sheriklik, talabalar almashinuvi dasturlari hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari orqali yangi mazmun kasb etayotganini ta’kidladi.
– Vengriya oliy ta’lim muassasalari O‘zbekiston universitetlari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor, – dedi Bela Merkeli. – Mavjud qo‘shma tashabbuslar va amalga oshirilayotgan loyihalar munosabatlarimiz mustahkam poydevorga ega ekani va ularda yanada keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Ilm-fan, innovatsiya va ta’lim sohalarida aniq natijalarga erishish esa barchamizning umumiy maqsadimizdir. Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan navbatdagi forumimiz munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Forum doirasida ta’lim tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, innovatsion ta’lim modellarini rivojlantirish, universitetlar o‘rtasidagi ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish, texnologiyalar transferi hamda “universitet–sanoat” hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yalpi majlis va bir nechta parallel sessiyalardan iborat bo‘lib, ularda ikki mamlakat rektorlari va ekspertlari tomonidan zamonaviy oliy ta’limni rivojlantirish, innovatsiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yoshlar ilmiy faolligini oshirishga doir taqdimotlar o‘tkazildi.
Forum yakunida O‘zbekiston va Vengriya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 20 dan ortiq yangi hamkorlik shartnomalari imzolandi. Ushbu kelishuvlar qishloq xo‘jaligi, muhandislik, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, energetika, tibbiyot va pedagogika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim va ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirlar doirasida Vengriya delegatsiyasi Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi, tarixiy-madaniy ob’ektlarda bo‘ldi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari