O‘zbekiston va Tailand pensiya jamg‘armalari o‘rtasida hamkorlik kengaymoqda
Bugungi kunda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini samarali boshqarish, uning barqarorligini ta’minlash va sohada malakali kadrlar salohiyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, uni milliy tizimga tatbiq etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhim o‘rin tutadi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining yillik yig‘ilishi doirasida Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasining Tailand Davlat pensiya jamg‘armasi (GPF) vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari N.Shodixo‘jayev, Tailand Davlat pensiya jamg‘armasi (GPF) boshqaruvchisining strategiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Man Juttijudata hamda investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Prechada Pansing ishtirok etdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki davlat pensiya tizimining hozirgi holati, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish va boshqarish, pensiya aktivlarini investitsiya qilish, risklarni boshqarish kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Yakunda tomonlar mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashinuvini davom ettirish va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini boshqarishda kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA