Oltin tusdagi voha
Xorazm zaminiga kuzning oltinrang nafasi kirib keldi. Bu fasl tabiatga o‘zgacha joziba bag‘ishlab, vohaning tanish manzaralarini rang-barang tuslarga burkamadi. Daraxtlar barglarining sarg‘ayishi, quyosh nurlarida tovlanayotgan dalalar, bog‘lar va sokin yo‘llar kuzning betakror go‘zalligini namoyon etmoqda.
Kuzning har bir manzarasida o‘ziga xos nafosat mujassam. Daraxt shoxlaridagi zarhal barglar mayin shabadada tebranar, quyoshning iliq nurlari esa atrofga yanada fayz bag‘ishlaydi. Vohaning keng dalalari, mevali bog‘lari va uzumzorlari bu faslda alohida ko‘rk kasb etib, tabiatning rangin jilolarini namoyon etadi. Oltin tusga kirgan manzaralar, uzoqlarga tutashgan yo‘llar va osoyishta qishloq ko‘rinishlari inson qalbida zavq va xotirjamlik uyg‘otadi.
Xorazmda kuz nafaqat tabiatning go‘zal manzaralari, balki mehnat va baraka fasli hamdir. Dehqonlar yil davomidagi mashaqqatli mehnat samarasini yig‘ib-terib olmoqda. Dala va bog‘larda hosil yig‘ishtirish ishlari qizg‘in davom etayotgan bir paytda, xonadonlarda ham qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu jarayonlar kuzning nafaqat nafosat, balki to‘kinlik va fayz-barokat timsoli ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Vohaning kuzgi manzaralarida tabiat va inson mehnatining uyg‘unligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sarg‘aygan barglar orasidan sizib tushayotgan quyosh nurlari, musaffo havo va sokin atrof kishiga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi. Kunlar salqinlashib, tabiat qishga hozirlik ko‘rayotgan shu damlarda Xorazmning betakror qiyofasi yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
[gallery-31957]
Oltinrang tusga burkangan Xorazm manzaralari ona diyorimizning tabiiy go‘zalligini, voha hayotining o‘ziga xosligini va kuzning dillarga yaqin nafosatini aks ettiradi.
Behzod SAIDOV (surat), O‘zA