Baxmalning yashil boyligi
Jizzax viloyati Baxmal tumani xushmanzara tabiati, so‘lim tog‘ go‘shalari va yashillikka burkangan adirlari bilan ajralib turadi. Bu tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, o‘rmon maydonlarini kengaytirish va «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni izchil davom ettirishda Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi jamoasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bugungi kunda xo‘jalikning umumiy yer maydoni 67 ming 918 gektarni tashkil etadi. Shundan 16 ming 992,1 gektari o‘rmon bilan qoplangan.
O‘rmonchilik katta mas’uliyat, sabr-toqat va tabiatga mehr talab etadigan soha. Ayniqsa, tog‘li hududlarning murakkab iqlim sharoitida nihollarni parvarishlab, ularni baquvvat daraxtlarga aylantirish o‘rmonchilardan yuksak mahorat va tinimsiz mehnatni talab qiladi.
— Ekologik muhitni sog‘lomlashtirish va kelajak avlodga yashil makon qoldirish — asosiy vazifamiz. Shu bois hudud iqlimiga mos, chidamli ko‘chatlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Joriy yilning o‘zida 84 gektar maydonda daraxt ko‘chatlari ekilib, yangi o‘rmonzorlar barpo etildi. Bu raqamlar zamirida o‘rmonchilarimizning mashaqqatli mehnati mujassam, - deydi Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi direktorining o‘rinbosari, bosh o‘rmon begi Zafar Rahmatullayev.
Ayni paytda xo‘jalik pitomniklarida 15 turdagi 1 million 770 ming tup nihol va ko‘chat parvarishlanmoqda. Ularning 330 ming tupi ekish va sotish uchun tayyor holatga keltirilgan.
— Korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari hamda mahallalardan kelib tushayotgan buyurtmalar asosida katalpa, shumtol, yapon saforasi, eman, kashtan kabi manzarali daraxtlar, shuningdek, ninabargli daraxtlarning besh turiga mansub ko‘chatlar yetkazib berilmoqda. Maqsadimiz nafaqat Baxmal, balki qo‘shni tumanlar va viloyatimizning boshqa hududlarida ham yashil maydonlarni ko‘paytirishdir. Bunda ko‘chatlarning ildiz tizimi baquvvat bo‘lishi va mahalliy sharoitga moslashuvchanligiga alohida ahamiyat qaratamiz, - deydi Zafar Rahmatullayev.
Bugungi kunda o‘rmon xo‘jaligida daraxt ekish va o‘rmonzorlarni kengaytirish bilan bir qatorda, faoliyatni diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish hamda o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligida bu yo‘nalishlarda ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xo‘jalikda chorvachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Ayni vaqtda bu yerda 27 bosh yirik shoxli, 187 bosh mayda shoxli mol, 11 bosh ishchi ot, 200 ta parranda va 60 bosh quyon parvarishlanmoqda. Chorva mollarini ozuqa bilan ta’minlash maqsadida 100 gektar maydonga g‘alla ekinlari ekilgan.
O‘rmon fondi yerlaridan unumli foydalanish maqsadida 271 gektar maydonda olma bog‘lari, 40 gektar yerda esa yong‘oqzorlar barpo etilgan. Shuningdek, tog‘ o‘simliklarining shifobaxsh xususiyatlari va ularga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda, 42,5 gektar maydonda dorivor o‘simliklar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Xo‘jalik faoliyatida ekoturizmni rivojlantirish ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu maqsadda 102 gektar maydon ajratilgan. Mazkur hududda sayyohlar uchun tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish, musaffo tog‘ havosidan bahramand bo‘lish va o‘rmon o‘simliklari olami bilan tanishish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-31958]
Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat o‘rmon maydonlarini kengaytirish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash va hudud ekologik holatini yaxshilash, balki qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar yaratish hamda aholi farovonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA