Elektr energiyasi me’yori, issiqlik va gaz tariflari: yangi o‘zgarishlar taklif qilinmoqda
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida “Energiya tariflari islohotlari va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Vazirliklar, tashkilotlar vakillari va OAV xodimlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Abruyev, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, “Issiqlik ta’minoti” AJ boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev va boshqalar so‘zga chiqdi.
Anjumanda energiya tariflarini isloh qilish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning asosiy maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, islohotlar aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash hamda energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Xususan, tadbirda tariflar o‘zgarishi sharoitida aholini qo‘llab-quvvatlash, issiqlik ta’minoti va issiq suv tariflarini qayta ko‘rib chiqish, gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasining bazaviy iste’mol me’yorini oshirish hamda suyultirilgan gaz narxini erkinlashtirishga oid bitta Prezident farmoni va uchta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama qilindi.
Suyultirilgan gaz bozoridagi vaziyatga ko‘ra, mamlakatda ushbu resurs bilan ta’minlash hajmi 2023-yildagi 906 ming tonnadan 2026-yilda 1,52 million tonnaga yetkazilishi kutilmoqda. Bu qariyb 68 foiz o‘sishni anglatadi. Shu davrda mahalliy ishlab chiqarish 883 ming tonnadan 803 ming tonnaga kamaygan bo‘lsa, import 19 ming tonnadan 713 ming tonnaga ko‘paygan. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 539 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev to‘rtta qaror loyihasida nazarda tutilgan takliflar, suyultirilgan gaz narxini o‘zgartirish va gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasining bazaviy me’yorini oshirish sabablariga to‘xtaldi.
–Kecha, 13-oktabr kuni, muhokamaga to‘rtta loyiha qo‘yildi. Birinchi navbatda, tariflar oshishi sharoitida aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Ikkinchisi - issiqlik ta’minoti va issiq suv tariflarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror loyihasi. Uchinchisi - gazlashtirilmagan va gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qish mavsumida elektr energiyasining oylik bazaviy me’yorini 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatgacha oshirish. To‘rtinchisi esa suyultirilgan gaz narxini erkinlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘lib, unda bir kilogramm gaz narxini amaldagi 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha oshirish taklif etilgan.
Hozirgi kunda suyultirilgan gaz aholiga bir kilogrammi 2 ming so‘mdan sotilmoqda. Lekin birjada uning bozor narxi bundan yuqori. Shuni inobatga olgan holda, dastlab narxni 5 ming so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda.
Qish mavsumida gaz yetib bormagan hududlarda aholi isitish vositalaridan foydalanadi. Bu esa elektr energiyasi iste’molining ortishiga olib keladi. Amaldagi 200 kilovatt-soatlik bazaviy me’yordan oshgan iste’mol uchun yuqoriroq tarif qo‘llanadi. Shuning uchun gazlashtirilmagan yoki gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda qish mavsumida bazaviy me’yorni 350 kilovatt-soatgacha oshirish taklif etilmoqda, – dedi X.Mustafoyev.
Gazlashtirilmagan yoki gaz ta’minoti qiyin hududlarda qariyb 4 million abonent mavjud. 2025-yil sentabridan 2026-yil avgustigacha bo‘lgan davr tahlili asosida tayyorlangan taklifga ko‘ra, yangi me’yorni 2026-yil 1-noyabrdan boshlab isitish mavsumida qo‘llash ko‘zda tutilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora aholining qariyb 80 foizini qamrab olishi, 1,5 milliondan ortiq abonentga isitish mavsumi davomida jami 171 milliard so‘m atrofida mablag‘ni tejash imkonini berishi mumkin.
Bunda 201-350 kilovatt-soat oralig‘idagi iste’mol uchun har bir kilovatt-soat narxi 900 so‘m o‘rniga 650 so‘mni tashkil etishi taklif qilinmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi oktabr-fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr-fevral oylarini qamrab oladi. Gaz ta’minoti qiyin bo‘lgan uy-joylar ro‘yxati hududiy hokimliklar tomonidan “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududgazta’minot” va “Hududiy elektr tarmoqlari” tavsiyalari asosida tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Abruyev energiya tariflarini isloh qilish jarayonida ijtimoiy yordamni manzilli tashkil etish zarurligi, amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va yangi mavsumda aholiga beriladigan yordam haqida ma’lumot berdi.
[gallery-31946]
–Energiya resurslari narxi va ularni aholiga yetkazib berish xarajatlari o‘rtasidagi farqni qoplash masalasi ilgari iste’molchilar to‘lovlari yoki byudjet mablag‘lari hisobiga hal qilingan. Biroq iste’mol hajmi va xarajatlar ortib borayotgan sharoitda barcha iste’molchilarni bir xil tarzda subsidiyalash o‘rniga, yordamni ehtiyojmand qatlamlarga yo‘naltirish muhim.
Elektr energiyasi iste’molchilarining 30 foizi oyiga 200 kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlatsa-da, umumiy iste’molning 71 foizi ular hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, umumiy subsidiyalash ko‘proq energiya sarflaydigan iste’molchilarga ham kattaroq imtiyoz berishi mumkin. Manzilli yordam esa mavjud mablag‘larni ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga yo‘naltirish imkonini beradi.
Hozirda aholini qo‘llab-quvvatlashning bir qator mexanizmlari amal qilmoqda. Jumladan, 2024-yilda ehtiyojmand fuqarolarga 750 ming so‘mdan, 2025-yilda esa 1 million so‘mdan bir martalik yordam berilgan. Jami 1,2 million nafar aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini qoplashda ko‘mak ko‘rsatilgan.
Shuningdek, belgilangan me’yor doirasida oyiga 150 kilovatt-soat elektr energiyasi va 250 kub metr tabiiy gaz iste’moli uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmi joriy etilgan. Ushbu to‘lovlardan 470 ming xonadon foydalangan. Mahalladagi “yettilik” orqali esa 440 ming so‘mgacha bir martalik yordam va isitish xarajatlari uchun 2 million so‘mgacha mablag‘ ajratish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu tartibda 26 mingta to‘lov amalga oshirilgan.
Aprel oyida qabul qilingan Prezident qarori asosida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydigan va xonadonda boshqa mehnatga layoqatli a’zolari bo‘lmagan 2,7 mingta oilaning uy-joyi energiya samaradorligi nuqtai nazaridan ta’mirlanib, quyosh panellari o‘rnatilgan. Ayrim xonadonlarda energiya xarajatlari 50 foizgacha kamaygan. Bunday yordamning maqsadi nafaqat xarajatlarni qisqartirish, balki energiyadan oqilona foydalanish va qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirishga ko‘maklashishdan ham iborat, – dedi J.Abruyev.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-noyabrdan aholi uchun isitish va issiq suv tariflarini 30 foizga oshirish taklif etilmoqda. Shunga qaramay, tariflar bilan xizmatlar tannarxi o‘rtasidagi farq qariyb 4 baravar bo‘lib qolishi kutilmoqda.
Yuridik shaxslar uchun tariflarni tannarxdan kelib chiqib belgilash rejalashtirilgan. Bunda ayrim hududlarda tariflar oshirilishi, ba’zi shaharlarda pasaytirilishi, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida esa o‘zgarishsiz qoldirilishi taklif etilgan.
2026-2027-yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 million so‘mdan moddiy yordam berish rejalashtirilgan. Yordam ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardan tashqari, belgilangan daromad mezonlariga javob beradigan boshqa xonadonlarga ham beriladi. Yolg‘iz keksalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalarga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Reyestrga kiritilmagan oilalar uchun daromad mezoni iste’mol xarajatlarining minimal miqdoridan ikki baravargacha, Toshkent shahrida esa uch baravargacha etib belgilangan. Moddiy yordam 1 million 17 mingdan ortiq xonadonni qamrab olishi kutilmoqda.
Shuningdek, “og‘ir” toifadagi mahallalarda 3 mingta xonadonni issiqlikni saqlovchi materiallar bilan izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, quyosh panellari hamda geliokollektorlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun 240 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
Tadbir yakunida mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA