O‘zbekiston va Serbiya: ishonchdan amaliy hamkorlik sari
Dunyoda iqtisodiy raqobat tobora kuchayayotgan bugungi sharoitda tashqi siyosatdagi har bir qadam mamlakatning ertangi imkoniyatlarini belgilaydi.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga ilk rasmiy tashrifi O‘zbekistonning Yevropa yo‘nalishidagi tashqi siyosatida yangi sahifa ochgan muhim voqea bo‘ldi.
Belgradda o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralarning eng muhim natijasi O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanganidir. Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarib, siyosiy muloqotdan tortib savdo, investitsiya, sanoat, transport, texnologiya, ta’lim va madaniyatga qadar keng ko‘lamli hamkorlik uchun huquqiy asos yaratadi.
Serbiya bilan strategik sheriklikning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning Bolqon mintaqasi bilan munosabatlarini kengaytirish, Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshirish, investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi. Bu mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan ham muhim.
Muzokaralarda diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, siyosiy va gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu tashabbuslar ikki davlat munosabatlarini parlamentlar, hududlar va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlik bilan boyitish imkonini beradi.
Strategik sheriklik parlamentlar oldiga ham yangi vazifalar qo‘yadi. Investitsiyalarni huquqiy himoya qilish, savdo tartib-taomillarini takomillashtirish, mehnat migratsiyasi, ekologik standartlar va ta’lim sohalarida qonunchilik tajribasini o‘rganish muhim. Shu jihatdan parlamentlararo forum tashkil etish tashabbusi amaliy ahamiyatga ega. U qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, erishilgan kelishuvlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash va zarur qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Tashrifning iqtisodiy mazmuni ham salmoqli. O‘zaro savdo hajmini oshirish, talab yuqori bo‘lgan tovarlar yetkazib berishni kengaytirish, erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, standartlashtirish sohasida hamkorlik qilish, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlar ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi. 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasining qabul qilinishi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Belgradda o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumida 200 nafardan ziyod rasmiy va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi. To‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobil va sanoat butlovchi qismlari ishlab chiqarish, farmatsevtika, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyat yuqori.
Endilikda asosiy masala — kelishuvlarning amaliy natijaga aylanishidir. Har bir loyiha bo‘yicha investitsiya hajmi, amalga oshirish muddati, yaratiladigan ish o‘rinlari, mahalliylashtirish darajasi va eksport salohiyati aniq belgilanishi zarur. Shunda strategik sheriklikning iqtisodiy samarasi yangi korxonalar, ish o‘rinlari va eksport ko‘rsatkichlarida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonning tashqi savdo salohiyatini oshirishda transport va logistika masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatimiz uchun muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish strategik vazifadir. Shu nuqtai nazardan, O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlash, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va avtomobil transportida xalqaro tashuvlarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar eksportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Buning uchun transport tariflari, bojxona tartib-taomillari va chegaralararo tashuvlarni muvofiqlashtirishga ham e’tibor qaratish lozim.
Qishloq va suv xo‘jaligi, qayta tiklanuvchi energetika, «yashil» texnologiyalar va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi kelishuvlar ham O‘zbekiston uchun dolzarb. Suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy sug‘orish tizimlari, resurs samaradorligini oshirish va ilmiy tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Mehnat mobilligi va migratsiyasi bo‘yicha bitim esa inson manfaatlariga daxldor muhim yo‘nalishni qamrab oladi. Ushbu sohada fuqarolarning qonuniy mehnat qilishi, xavfsiz mehnat sharoitiga ega bo‘lishi, huquq va manfaatlari himoya qilinishi uchun aniq mexanizmlarni shakllantirish zarur. Mehnat migratsiyasi samarasi avvalo insonning munosib mehnat sharoiti va ijtimoiy himoyasi bilan baholanishi kerak.
Hududlararo hamkorlikning kengayishi ham aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi. Samarqand viloyati bilan Voyevodina avtonom o‘lkasi, Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilishi turizm, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalar uchun imkoniyat yaratadi.
Ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlaydi. O‘zbekistonning 2027-yilda Belgradda o‘tkaziladigan «EXPO-2027» xalqaro ko‘rgazmasida milliy pavilon bilan ishtirok etishi esa mamlakatimizning iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy salohiyatini xalqaro auditoriyaga namoyish etish uchun muhim imkoniyatdir. Bu maydondan investitsiya jalb qilish va eksport shartnomalarini tuzishda samarali foydalanish zarur.
Tashrifning ramziy jihatlari ham ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar yuksalayotganidan dalolat beradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasining oliy davlat mukofoti — Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlangani O‘zbekiston — Serbiya munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shilgan hissaning yuksak e’tirofi bo‘ldi. Belgrad ko‘chalaridan biriga «Toshkent» nomi berilishi esa xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatning yorqin ifodasi sifatida ahamiyatli.
Belgradda erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston — Serbiya munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi. Endi asosiy vazifa — ushbu kelishuvlarni izchil amalga oshirish, ularni aniq iqtisodiy va ijtimoiy natijalar bilan to‘ldirish.
Buning uchun «yo‘l xaritasi»da har bir vazifa bo‘yicha mas’ullar, aniq muddatlar va natijadorlik mezonlari belgilanishi, ijro ustidan tizimli nazorat ta’minlanishi kerak. Parlament esa o‘z vakolatlari doirasida kelishuvlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash va ularni amalga oshirishga xizmat qiladigan qonunchilik mexanizmlarini takomillashtirishda faol ishtirok etadi.
Muxtasar aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga tashrifi O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va milliy manfaatlarga asoslangan tashqi siyosati izchil davom etayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Belgradda boshlangan yangi strategik sheriklikning haqiqiy samarasi imzolangan hujjatlar soni bilan emas, yangi ish o‘rinlari, investitsiyalar, eksport bozorlari, zamonaviy texnologiyalar va insonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan belgilanadi.
Hilola YUSUPOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati.