Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida korrupsiya holatlarining oldini olish, uning salbiy oqibatlarini keng jamoatchilikka tushuntirish, shuningdek, talaba-yoshlar orasida halollik va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlash maqsadida targ‘ibot uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Komplayens xizmati bosh mutaxassisi N.Berdiniyazova, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi inspektori A.Allambergenov, institutning korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh.Shamuratov, shuningdek, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida korrupsiya jamiyat rivoji, ta’lim sifati hamda fuqarolarning davlat va jamiyat institutlariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir etuvchi omillardan biri ekanligi ta’kidlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda tegishli tashkilotlar bilan birga har bir fuqaroning ongi, mas’uliyati va faol fuqarolik pozitsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’lim jarayonida shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, poraxo‘rlik va boshqa korrupsion holatlarga murosasiz munosabatni shakllantirish – bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.
Uchrashuvda talaba-yoshlarga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning huquqiy oqibati, bunday holatlarga duch kelganda murojaat qilish tartibi va korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilik nazoratining o‘rni haqida tushunchalar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri