Ekologik nazorat: huquqbuzarlikni aniqlashdan uning oldini olishgacha
Oddiy bir ko‘chatning sersoya daraxtga aylanishi uchun 10, ba’zan esa 20 yil talab etiladi. Ekotizimga yetkazilgan zararni bartaraf etish esa aslo oson kechmaydi, bir necha daqiqalik qonunbuzarlik oqibatlarini o‘nglash uchun o‘nlab yillar kerak bo‘lishi mumkin. Shu bois, ekologik nazorat sohasidagi eng to‘g‘ri va samarali yo‘l, huquqbuzarlik sodir bo‘lishini kutib o‘tirmasdan, uning barvaqt oldini olish va bunga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslikdir.
Bugun O‘zbekistonda ekologik nazorat tizimida aynan shu yondashuv kuchaymoqda. Ilgari inspektor asosan ob’ektga borib, holatni ko‘zdan kechirgan bo‘lsa, endi nazoratda zamonaviy texnologiya, avtomatik monitoring va oldindan prognoz qilish usullaridan kengroq foydalanilmoqda.
Buning uchun esa qaysi hududda, qachon va qanday ekologik muammo ko‘proq uchrashini bilishning o‘zi muhim ahamiyatga ega.
Masalan, yoz oylarida bug‘doy o‘rib olinganidan keyin somonni yoqish holatlari ko‘payishi mumkin. Shunday paytda inspektor qonunbuzarlik sodir bo‘lganidan keyin harakat boshlashi emas, uni oldini olish uchun dalalarda nazoratni kuchaytirishi kerak. Yig‘im-terim boshlanishidan oldin fermerlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish samaraliroq.
– Ekologik huquqbuzarliklarning qariyb 80 foizini mavsum va hududga qarab oldindan prognoz qilish mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi Ekololitsiya boshqarma boshlig‘i Xurshid Piriyev. – Masalan, qishda noqonuniy ov va baliq ovlash, kuzda daraxt barglari hamda chiqindilarni yoqish, ayrim hududlarda esa chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari muayyan vaqt va joylarda takrorlanib turadi. Shuning uchun nazorat ishlarini ham ana shu nuqtalarga qaratishga harakat qilamiz.
Bu yondashuv nazoratning mazmunini ham o‘zgartirmoqda. Endi asosiy mezon faqat qancha huquqbuzarlik aniqlangani emas, balki qancha huquqbuzarlikning oldi olingani bilan ham belgilanadi.
– Albatta, katta hududni bir vaqtning o‘zida nazorat qilish, borish qiyin bo‘lgan joylardagi ekologik holatni kuzatish uchun inspektorning o‘zi yetarli emas. Buning uchun zamonaviy texnologiyalardan, masofaviy kuzatuv va boshqa raqamli vositalardan samarali foydalanish zarur. Shu maqsadda “O‘zkosmos” bilan hamkorlikda dron va boshqa zamonaviy texnik vositalardan foydalanishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bu orqali nazorat hududlarini kengaytirish, holatni masofadan kuzatish va huquqbuzarlik aniqlangan nuqtaga tezroq yetib borish imkoniyati paydo bo‘ladi, – deydi Xurshid Piriyev.
Texnologiyalardan foydalanish faqat hududni kuzatish bilan cheklanmaydi. Masalan, atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar ustidan nazoratda ham shu yondashuv o‘zgarmoqda.
Ilgari korxonalardan atmosferaga chiqarilayotgan chiqindi miqdori laboratoriya tekshiruvi orqali oyiga yoki chorakda bir marta aniqlanar, natija esa tekshiruv o‘tkazilgan vaqtdagi holatni ko‘rsatar edi. Endi korxonalarda avtomatik stansiya va datchiklar o‘rnatilib, havoga chiqarilayotgan chiqindilarni onlayn kuzatish imkoniyati paydo bo‘lyapti.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasining ma’lum qilishicha, avtomatik monitoring tizimi korxonalar bilan onlayn vaziyat markazi orqali integratsiya qilinadi. Me’yordan ortiq chiqindi aniqlanganida, tegishli chora ko‘rish uchun korxona bilan tezkor aloqa o‘rnatiladi.
2025-yilda ekologik huquqbuzarliklar soni 59 mingdan oshgan. Bir qarashda bu raqam tabiatga nisbatan qonunbuzarlik ko‘payganini anglatgandek tuyuladi. Ammo statistikani nazorat imkoniyatining kengayishi bilan birga baholash kerak.
Xurshid Piriyev tushuntirishicha, huquqbuzarliklar sonining ko‘payishi, avvalo, nazoratning kuchaygani bilan bog‘liq. Hozir ekologik huquqbuzarliklarni faqat qo‘mita aniqlamayapti. Bundan tashqari, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaga berilgan ayrim vakolat doirasida ham huquqbuzarlikni aniqlash imkoni bor. Shuningdek, jamoatchilik nazorati ham ancha kuchaygan. Oddiy fuqaro ham ekologik qonunbuzarlik haqida xabar berishi mumkin. Zamonaviy nazorat usullarining joriy etilishi esa avval ko‘zdan chetda qolgan holatlarni ham aniqlash imkonini bermoqda.
Shuning uchun statistikadagi o‘sishni har doim ham ekologik vaziyat yomonlashganining belgisi sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Nazorat qancha yaxshi ishlasa, avval aniqlanmay qolgan huquqbuzarliklar ham shuncha ko‘proq ko‘zga tashlanadi.
Shunday qilib, nazoratning keyingi vazifasi uni takrorlashga sabab bo‘ladigan omillarni kamaytirish va qonunbuzarlik sodir etishga qiziqishni pasaytirish. Shu nuqtai nazardan, ekologik qonunchilikda moliyaviy sanksiyani kuchaytirishga qaratilgan yangi yondashuv paydo bo‘lmoqda. 2026-yil may oyida qabul qilingan tegishli qonun bilan yuridik shaxslarga nisbatan ekologik zararni hisobga olgan holda moliyaviy sanksiya qo‘llashning olti yo‘nalishi belgilandi. Qonun joriy yil avgust oyidan kuchga kirdi.
E’tiborlisi, bu mexanizm faqat jazolash vositasi sifatida ko‘rilmayapti. Masalan, biznes sub’ekti birinchi marta huquqbuzarlik sodir etsa, unga darhol moliyaviy sanksiya qo‘llanmaydi. Kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muhlat beriladi. Bu tadbirkorni jazolashdan ko‘ra, qonunbuzarlikni tezroq bartaraf etishga undashga qaratilgan.
Tabiatni muhofaza qilish faqat nazorat organlarining vazifasi bo‘lib qolmaydi. Fuqarolar ekologik madaniyati, tadbirkorlar mas’uliyati, mahalladagi munosabat va jamoatchilik nazorati ham natijaga ta’sir qiladi. Shuning uchun aholi bilan tushuntirish ishlari, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot, inspektorlarning fuqaro bilan suhbatlari, seminar va treninglar ham ekologik nazoratning bir qismiga aylanib ulgurdi.
Shu ma’noda ekologik nazoratdagi bugungi o‘zgarishni bitta jumla bilan ifodalash mumkin. Inspektor huquqbuzarlik sodir bo‘lgan joyga yetib borishini kutishdan ko‘ra, uning qayerda va qachon sodir bo‘lishi mumkinligini oldindan bilish muhimroq bo‘lib bormoqda.
Dronlar hududni kuzatadi, datchiklar havoni nazorat qiladi, onlayn tizimlar ma’lumotni uzatadi, fuqarolar xabar beradi. Inspektor esa shu ma’lumotlar asosida aniq nuqta va aniq muammo bilan ishlaydi.
Tabiatni asrashda eng katta natija esa qancha jarima undirilganida emas, qancha zararning oldi olinganida ko‘rinadi.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA