O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarining yangi bosqichi
Bugungi xalqaro munosabatlar tizimida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik avvalgidan ko‘ra ko‘proq strategik mazmun kasb etmoqda. Geosiyosiy beqarorlik, transport yo‘laklari qayta shakllanishi, energiya xavfsizligi, savdo zanjiridagi uzilish, mintaqalararo bog‘liqlik ortib borishi va xalqaro iqtisodiy raqobat davlatlardan tashqi siyosatda aniq manfaat, uzoq muddatli qarash va amaliy natijadorlik talab qilmoqda.
Ana shunday sharoitda O‘zbekiston va Ozarbayjon turkiy dunyo, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi strategik ko‘prik sifatida yangi mazmun bilan namoyon bo‘lmoqda.
O‘zA muxbiri ikki davlat o‘rtasidagi munosabat, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtasi xususida Toshkent davlat sharqshunoslik huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy tahlil markazi direktori Adhamjon Mamadjonov bilan suhbatlashdi.
– Avvalo davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat tarixiga qisqacha to‘xtalsangiz.
– O‘zbekiston va Ozarbayjonni faqat diplomatik aloqa yoki iqtisodiy manfaat emas, balki chuqur tarixiy ildiz, mushtarak madaniyat, til va ma’naviyatdagi yaqinlik, turkiy sivilizatsiyaga mansublik, o‘zaro hurmat va birodarlik rishtalari ham birlashtirib turadi. Toshkent va Boku o‘rtasidagi bugungi muloqot ana shu tarixiy yaqinlikni zamonaviy strategik sheriklik, iqtisodiy kooperatsiya, transport-logistika bog‘liqligi va madaniy-gumanitar almashinuv bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Bugungi bosqichning eng muhim xususiyati O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati oddiy do‘stlik va hamkorlik darajasidan strategik sheriklik hamda ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganida namoyon bo‘ladi. Jumladan, ikki mamlakat o‘rtasida 2022-yil 21-iyunda Toshkentda “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida”gi deklaratsiya, 2023-yil 22-avgustda Bokuda Oliy davlatlararo kengash tuzish to‘g‘risidagi shartnoma, 2024-yil 23-avgustda Toshkentda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu hujjatlar ikki tomonlama munosabatning huquqiy-siyosiy poydevorini yangi darajaga olib chiqdi.
Bu bosqichda siyosiy muloqot hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlar, oliy darajadagi tashriflar, telefon muloqotlari hamda xalqaro platformalardagi hamkorlik ikki mamlakat aloqalarini tizimli va natijador shaklga keltirdi.
2024-yil 23-avgust kuni Toshkentda Prezidentlar Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdilar. 2025-yil 2-iyul kuni Boku shahridagi “Zagulba” qarorgohida Kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
– Bugungi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabati qanday siyosiy manzara kasb etadi?
– O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarida strategik sheriklik tushunchasi keng mazmunga ega. Ya’ni, ikki davlatning xalqaro maydondagi pozitsiyasini muvofiqlashtirish, mintaqaviy xavfsizlik, transport bog‘liqligi, turkiy dunyo doirasidagi hamkorlik, iqtisodiy kooperatsiya va gumanitar aloqalar yagona strategik kun tartibiga birlashtirilgan.
Mamlakatlar nafaqat o‘zaro, balki TDT, IHT, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi tuzilmalar doirasida faol hamkor hisoblanadi.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foiz oshgan. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bu raqamlar siyosiy ishonch iqtisodiy natijaga aylanayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Shuningdek, O‘zbekiston – Ozarbayjon ittifoqchiligi faqat rasmiy maqom emas, balki real iqtisodiy va institutsional mazmun bilan boyib borayotgan jarayon ekanini tasdiqlaydi.
– Mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati va hamkorlik istiqbolini qanday baholaysiz?
– O‘zbekiston va Ozarbayjon iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. O‘zbekiston sanoat, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika sohalarida keng salohiyatga ega, Ozarbayjon esa energetika, logistika, neft-gaz, transport infratuzilmasi, moliya va Kaspiy dengizi orqali tranzit imkoniyati bilan ajralib turadi. Shu jihatdan savdo-iqtisodiy aloqa Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi geoiqtisodiy zanjir sifatida shakllanmoqda.
2017-2024-yillari tovar ayirboshlash qiymati 32,4 million dollardan 253,5 million dollarga ko‘tarilgan. 2024-yil savdo miqdori 7,3 foiz o‘sgan: O‘zbekiston eksporti 208,1 million dollar, import 45,4 million dollar. 2025-yil yanvar-may oylarida esa o‘zaro savdo ko‘rsatkichi 90,5 million dollarni tashkil etib, 25,2 foiz oshgan: eksport 80,9 million dollar, import 18,5 million dollar. Ko‘rinib turibdiki, iqtisodiy hamkorlik imkoniyati kengayib, qamrov va hajm tobora ortmoqda.
Qolaversa, ikki davlat rahbarlari mahsulot va xizmat aylanmasini 2030-yilga qadar 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini belgilagan. 2025-yil Boku muzokaralari yakunida ayni maqsadga qaratilgan maxsus dastur qabul qilingan.
– Ma’lumki, O‘zbekiston dengiz savdo yo‘liga ega emas. Fikringizcha, Ozarbayjon transport-logistika jihatidan mazkur kamchilikni to‘ldirish imkoniyatini yarata oladimi?
– O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati istiqbolida transport-logistika tizimi hal qiluvchi o‘rin tutadi. O‘zbekiston dengizga bevosita chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlat sifatida xalqaro transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Ozarbayjon esa Kaspiy dengizi bo‘yidagi strategik joylashuvi, Boku porti, temir yo‘l va multimodal transport infratuzilmasi bilan O‘zbekiston uchun Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozoriga chiqish yo‘lida muhim sherikdir.
Bu xususda 2024-yilgi Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisida transport-kommunikatsiya, energetika va infratuzilmaviy loyihalar orqali o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan. Tomonlar havo qatnovi sonini oshirish, yer usti va havo transporti bo‘yicha tartib-taomilni yengillashtirish hamda jarayonga raqamli yechimlar joriy etishga kelishib olgan.
2025-yil Boku muzokarasida ham transport-kommunikatsiya sohasidagi sheriklikka alohida e’tibor qaratildi. O‘rta yo‘lakni rivojlantirishda ishtirok etish loyihalari muhokama qilindi. Qayd etish joiz, hozirgacha ushbu yo‘lak orqali tashilayotgan O‘zbekiston yuki hajmi o‘tgan yilga nisbatan 25 foiz oshib, 1 million tonnaga yetgan.
O‘rta yo‘lak faqat transport yo‘nalishi emas, balki Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropani bog‘lovchi strategik arteriyadir. O‘zbekiston uchun bu yo‘lak eksport geografiyasini kengaytirish, logistika xavfsizligini oshirish, yetkazib berish muddatini qisqartirish va xalqaro bozorlarga muqobil chiqish imkonini beradi. Ozarbayjon uchun esa O‘zbekiston bilan hamkorlik Kaspiy orqali Sharq – G‘arb savdo oqimini kengaytirish, Boku porti va transport infratuzilmasining mintaqaviy ahamiyatini oshirish imkonini beradi.
– O‘zbekiston va Ozarbayjon aloqalarining madaniy yo‘nalishiga ham to‘xtalsangiz.
– Bugun madaniy diplomatiya doirasidagi aloqalar davlatlar o‘rtasida haqiqiy ko‘prik va mustahkam ishonch vazifasini bajarayotgani sir emas. Shu nuqtai nazardan xalqlarimizni Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy merosi, turkiy adabiyot, musiqa, san’at, an’ana va qadriyatlar birlashtirib turadi. Binobarin, madaniy-gumanitar aloqa munosabatlarning ajralmas qismi hisoblanadi.
Prezidentlar farmonlari bilan taniqli madaniyat arboblari Farrux Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘liga ikki mamlakat “Xalq artisti” faxriy unvonlari berilgani madaniy yaqinlikning ramziy ifodasidir.
Kelgusida madaniyat kunlari, qo‘shma kino va teatr loyihalari, adabiy tarjimalar, yoshlar festivallari, universitetlararo ilmiy forumlar, media-forumlar va turizm dasturlarini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq. Zero, madaniy diplomatiya siyosiy ishonch va iqtisodiy hamkorlikka mustahkam ijtimoiy asos yaratadi.
Xullas, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining yangi sahifalari nafaqat ikki davlat manfaatiga, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi mintaqalararo bog‘liqlikni mustahkamlash, turkiy dunyo hamkorligini rivojlantirish va Yevrosiyo transport-iqtisodiy makonida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Bu esa ikki qardosh xalq farovonligi, mintaqaviy barqarorlik va umumiy taraqqiyot yo‘lida muhim tarixiy imkoniyatdir.
Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.