AzerTAJ: Boku – Toshkent hamkorligi mintaqaviy ahamiyat kasb etmoqda
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari tarixiy do‘stlik va qardoshlik zaminida siyosiy ishonchdan strategik hamda iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, 2024-yil Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi yuksak siyosiy ishonchning muhim ko‘rinishi bo‘ldi.
Bu haqda siyosiy sharhlovchi Ulviya Zulfiqor AzerTAJga ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, tomonlar o‘zaro savdo aylanmasini 2030-yilga qadar 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Nizom jamg‘armasi 500 million dollarni tashkil qilgan O‘zbekiston-Ozarbayjon Investitsiya kompaniyasi esa qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun muhim vositaga aylanmoqda.
Toshkentda o‘tkazilgan Hududlararo forumda yuzlab kompaniyalar vakillari ishtirok etgani ikki mamlakat biznes doiralarining hamkorlikka qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatdi. To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika va qurilish materiallari sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, shuningdek uchinchi mamlakatlar bozoriga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarish uchun keng imkoniyat mavjud.
Transport-logistika yo‘nalishi ham strategik ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yil o‘zaro tranzit tashuvi miqdori 1,4 million tonnaga yetgani O‘rta yo‘lak imkoniyatidan foydalanish ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatdi. Zero, O‘zbekiston mahsulotlarini Ozarbayjonda qayta ishlash va qadoqlash orqali Yevropa bozoriga chiqarish ikki mamlakat uchun yangi iqtisodiy qiymat yaratadi.
Yashil energetika sohasidagi hamkorlik ham munosabatga yangi mazmun bermoqda. O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston o‘rtasida qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish va uzatish bo‘yicha shakllanayotgan hamkorlik Markaziy Osiyo yashil energiya salohiyatini Ozarbayjon orqali Yevropa bozoriga chiqarish uchun zamin yaratmoqda.
Siyosiy sharhlovchi fikricha, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi yangi shakllarda kengayishi jarayonga qo‘shimcha siyosiy mazmun bag‘ishlamoqda. Masalan, S5 formatiga qo‘shilish Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz aloqalarini yanada tizimli, institutsional tus olishiga xizmat qiladi.
Bugun Boku – Toshkent munosabati ikki tomonlama hamkorlik doirasidan chiqib, mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy ko‘prikni mustahkamlash omiliga aylanmoqda. Ayni jarayon turkiy dunyodagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va mintaqa geoiqtisodiy salohiyatini oshirish uchun yangi imkoniyat ochmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA