“Yangiyo‘l” tajribasi: hududlarda energetika tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilanmoqda
Ayni kunlarda Prezidentimiz topshirig‘i ijrosi doirasida mamlakat hududlarida elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, “Yangiyo‘l” tajribasi asosida har bir hududda muammolarni manzilli aniqlash, eskirgan infratuzilmani yangilash va energiya ta’minoti sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Urganch tumanida “Yangiyo‘l” tajribasi
Xorazm viloyatining Urganch tumanida yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish va energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Normatov, energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Sardor Isaqulov hamda “Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisi Ma’rufxon Xo‘jayev kabi mas’ullardan iborat ishchi guruh Urganch tumanida “Yangiyo‘l” tajribasi asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tashrif davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida bajarilishi rejalashtirilgan vazifalar taqdimoti o‘tkazildi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Hududgazma’minot” AJ tomonidan tumanda Prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini chuqur o‘rganish, mavjud muammolarni malakali muhandislar hamda nazorat organlari vakillari ishtirokida manzilli tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish maqsadida muammoli elektr tarmoqlari va uskunalarini yangilash, eskirgan infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va avariyaviy uzilishlarning asosiy sabablarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatobod tumanida elektr tarmoqlari yangilanib, yangi transformatorlar o‘rnatilmoqda
Namangan viloyatining Davlatobod tumani elektr ta’minotini yaxshilash borasida namunaviy hudud sifatida belgilangan. Tumanda aholini sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunga qadar tumandagi 28 ta mahalla hududida mavjud elektr tarmoqlari va transformator punktlari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.
Jumladan, transformator punktlari mukammal va joriy ta’mirlanyapti. Eskirgan havo elektr tarmoqlari qayta ko‘rib chiqilib, zarur ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Shuningdek, 20 ta yangi zamonaviy transformator o‘rnatish, yangi elektr tarmoqlarini tortish hamda mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Sirdaryo tumanida elektr ta’minoti yaxshilanmoqda
Sirdaryo viloyatida ham elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash va mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Ishchi guruh hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. O‘rganish davomida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimoti o‘tkazilib, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish va iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

“Yangiyo‘l” tajribasi asosida hududdagi muammolarni manzilli o‘rganish, ularni samarali hal etish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Urgut tumanida elektr ta’minoti “mahallabay” tizim asosida o‘rganilmoqda
Samarqand viloyatining Urgut tumanida elektr ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni mahallalar kesimida o‘rganish va mavjud muammolarni manzilli bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Elektr ta’minotini “mahallabay” tizim asosida tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar mazkur ishlarning asosini tashkil etadi.
Tumanda ishchi guruh ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, 116 ta mahallada energiya iste’moli balansini shakllantirish, elektr tarmoqlari va uskunalarni xatlovdan o‘tkazish, hisoblagichlar aloqasini yaxshilash hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish ishlari tahlil qilindi.

Ishlarni jadallashtirish maqsadida ichki ishlar organlari hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Ayni paytda 130 nafar profilaktika inspektori va 130 nafar elektr tarmoqlari xodimi ishtirokida 116 ta mahallada tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tizimli yondashuv – barqaror ta’minot omili
Ta’kidlash kerakki, Urganch, Davlatobod, Sirdaryo va Urgut tumanlarida olib borilayotgan ishlar “Yangiyo‘l” tajribasining muhim ahamiyatini yaqqol namoyon etmoqda. Uning asosiy mazmuni hududlardagi muammolarni umumiy tarzda emas, balki har bir mahalla va ob’ekt kesimida chuqur o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni manzilli bartaraf etish, mavjud infratuzilmani yangilash va energetika tizimini samarali boshqarishga qaratilgan kompleks yondashuvdan iborat.

Bunday yondashuv elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, avariyaviy uzilishlarning oldini olish hamda iste’molchilarni barqaror va sifatli energiya bilan ta’minlash imkonini kengaytiradi. Ayniqsa, muammolarni oldindan aniqlash va ularni tizimli hal etish energetika tarmoqlarining ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA