Yagona Vatan, yagona xalq — do‘stlik va hamjihatlik
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy bosqich sifatida keng nishonlanmoqda.
Bu qutlug‘ sana nafaqat o‘tgan yillar sarhisobi, balki xalqimizni birlashtirish, tinchlik, totuvlik va do‘stlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan tashabbuslar bilan ham ahamiyatli.
Shu kunlarda Toshkentda o‘tkazilgan “Uz Global Think” xalqaro vatandoshlar forumida 15 mamlakatdan kelgan 40 nafarga yaqin vatandoshimiz ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot, innovatsiya, texnologiya va madaniyat sohalaridagi tajribasini yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirish masalalarini muhokama qildi.

Mustaqillikning muhim tayanchlaridan yana biri — millatlararo totuvlik va yaxshi qo‘shnichilik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari do‘stligiga bag‘ishlangan davra suhbatida ikki xalqni asrlar davomida birlashtirib kelayotgan umumiy tarix, madaniyat, urf-odat va qadriyatlar, bugungi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari haqida fikr almashildi.

Bu ezgu munosabatlar faqat qo‘shni davlatlar bilan emas, xorijiy xalqlar va mamlakatlar bilan ham tobora kengayib bormoqda. Xususan, Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillarining Samarqandga tashrifi ikki xalq o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Mehmonlar Imom Buxoriy majmuasi, “Boqiy shahar”, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Registon maydoni kabi tarixiy va zamonaviy maskanlar bilan tanishdi.
Aslida, bu tadbirlarni birlashtirib turgan umumiy jihat bor. U ham bo‘lsa, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash, Vatan taraqqiyotiga barcha imkoniyatlarni safarbar etishdir. Chunki do‘stlik bor joyda ishonch, ishonch bor joyda hamkorlik va taraqqiyot bo‘ladi.
Mustaqillikning 35 yilligi ana shu qadriyatlarni yanada yuksaltirish, O‘zbekistonni do‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlik makoni sifatida namoyon etish uchun muhim imkoniyat bo‘lmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA