O‘zbekiston va FAO hamkorligi yangi yo‘nalishlarda davom ettiriladi
Toshkentda oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi arafasida O‘zbekiston va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy yilning 7–8-oktabr kunlari poytaxtimizda “Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro forum” hamda Butunjahon paxta kuni munosabati bilan yirik xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Mazkur tadbirlar oldidan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dun’yuy bilan uchrashdi. Muloqotda global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sirini yumshatish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar sohaning barqarorligini oshirish hamda bugungi kunda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va FAO hamkorligi doirasida shu kunga qadar amalga oshirilgan loyihalar samaradorligi yuqori baholandi. Agrar sohadagi hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda izchil davom ettirish, mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanishga kelishildi.
Xalqaro forumda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlar va xususiy sektorning yuqori martabali vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va barqaror agrar tizimni shakllantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklangani va oziq-ovqatga bo‘lgan talabning ortishi agrar sohada xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishi mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi bilan ahamiyatlidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA