Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahrining Zargarlik mahallasidagi 39-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Jizzax shahar hokimligi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, muassasa jamoasi hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
1989-yilda qurilgan va 280 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan muassasa davlat dasturi doirasida qariyb 8 milliard so‘m mablag‘ hisobidan to‘liq rekonstruksiya qilindi. Natijada bino infratuzilmasi yangilanib, bolalar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratildi. Muassasaning quvvati ham 280 o‘rindan 360 o‘ringa oshirildi.

Yangi imkoniyatlar mahallada maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, ota-onalar uchun qulaylik yaratish hamda bolalarga sifatli ta’lim-tarbiya berishga xizmat qiladi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2026-yil 3-sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Mirzacho‘l tumanida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan tumandagi barcha mahallalarda ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan xonadonlarning ijtimoiy ahvoli o‘rganilmoqda. Jarayonda oilalarning muammolari, ijtimoiy ehtiyojlari va turmush sharoitiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, oila daromadini oshirish imkoniyatlari, bandlik masalalari hamda xonadonlarning sanitariya va obodonlashtirish holati ko‘zdan kechirilmoqda.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish, oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va daromad manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilmoqda. Asosiy e’tibor har bir oila muammosini manzilli o‘rganish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan.
***
Zarbdor tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangi stritbol va vorkaut sport maydoni foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy maydon yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Tadbirda soha vakillari, mahalla faollari, murabbiylar va yoshlar ishtirok etdi. Sport namoyishlari va turli bellashuvlar o‘tkazildi.
Yangi sport inshooti mahalla yoshlarining muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratdi.
***
Zafarobod tumanida avtomobil yo‘llarining texnik holatini yaxshilash, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Ayni paytda Zafarobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan D-049 avtomobil yo‘lining Jizzax shahri va Chimqo‘rg‘on oralig‘idagi 14-18-kilometrlarida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Jarayonda yo‘l qoplamasining yaroqsiz qismlari tiklanib, belgilangan texnologik talablar asosida zarur ishlar bajarilmoqda. Bu yo‘lning texnik holatini yaxshilash, xizmat muddatini uzaytirish va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan.

Ta’mirlash ishlari yakunlangach, mazkur yo‘lda harakat xavfsizligi va o‘tkazuvchanlik ko‘rsatkichlari yaxshilanib, aholi hamda transport vositalari uchun yanada qulay sharoit yaratiladi.
***
Forish tumanida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan giyohvandlikka qarshi kurashish haftaligi boshlandi.

Haftalik doirasida aholi, ayniqsa, yoshlarning giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqidagi huquqiy va tibbiy bilimlarini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot hamda profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan tumanda mas’ullar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-207-son farmoni talablari ijrosi, giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Mas’ullarning axborotlari tinglanib, mavjud muammolarni bartaraf etish, yoshlar bilan manzilli ishlash hamda profilaktik tadbirlarni tizimli tashkil qilish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Haftalik doirasida giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarni zararli illatlardan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar davom ettiriladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri