Farzandlarimiz internetda nimani ko‘rmoqda?
Qonun va amaliyot uyg‘unligi
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.
Ulug‘ mutafakkirning purma’no bu so‘zlarining qadr-qimmati axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bizning davrimizda yanada dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Zero, bugun ko‘cha-ko‘yda, oila davrasida yoki jamoat joylarida qo‘lida telefon tutgan, ko‘zini ekrandan uzmay o‘tirgan bolalarni tez-tez uchratamiz. Ota-onalar uchun farzandini chalg‘itish, ovqatlantirish yoki tinchlantirishning oson vositasiga aylangan gadjetlar, aslida, bolaning hayoti, ruhiyati va kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida jiddiy o‘ylashni talab etadi.
Raqamli asr farzandlarimizga bilim olish, axborot izlash, yangi ko‘nikmalarni egallash va dunyo bilan muloqot qilish uchun keng imkoniyat bermoqda. Biroq nazoratsiz virtual muhit zararli kontent, kiberbulling, shaxsiy ma’lumotlarning himoyasiz qolishi va boshqa xavflarni ham yuzaga chiqarishi mumkin. Shu bois masala internetning o‘zida emas, balki undan qanday, qancha vaqt va nima maqsadda foydalanilayotganida.
Mazkur muammo nafaqat alohida oilalar, balki butun jahon hamjamiyati e’tiboridagi dolzarb masalalardan biriga aylangan. YUNISEF ham bolalarning raqamli muhitida imkoniyatlar bilan bir qatorda turli xavflar mavjudligini qayd etib, ularni himoya qilishda davlat, texnologiya kompaniyalari, ta’lim muassasalari va oilalarning hamkorligi muhim ekanini ta’kidlaydi.
Xorijiy davlatlarda bu borada turli huquqiy va amaliy choralar ko‘rilmoqda. Masalan, Avstraliyada 2025-yil 10-dekabrdan boshlab 16 yoshga to‘lmagan bolalarning yoshga oid cheklov belgilangan ayrim ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishiga ta’qiq joriy etildi. Qonun platformalar zimmasiga shu yoshdagi foydalanuvchilarning akkaunt ochishi yoki mavjud akkauntlaridan foydalanishining oldini olish uchun oqilona choralar ko‘rish majburiyatini yukladi. Ayrim xabar almashish, onlayn o‘yinlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari ushbu cheklovdan mustasno etilgan.
Yevropa Ittifoqida voyaga yetmaganlarni raqamli muhitda himoya qilish mexanizmlari shakllangan. Xususan, “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida”gi qonun onlayn platformalardan voyaga yetmaganlarning maxfiyligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur va mutanosib choralar ko‘rishni talab etadi. Yevropa Komissiyasining 2025-yil 14-iyulda qabul qilingan yo‘riqnomalarida esa bolalarni zararli kontent, kiberbulling, begona shaxslarning nomaqbul muloqoti va o‘ziga qaram qiluvchi dizayn elementlaridan himoya qilishga qaratilgan yondashuvlar belgilangan.
Mamlakatimizda ham voyaga yetmaganlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlardan asrash bo‘yicha huquqiy mexanizmlar shakllangan. Bu borada “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun muhim huquqiy asoslardan biri hisoblanadi. Unda bolalarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotni aniqlash, axborot mahsulotlarini yoshga oid tasniflash va markirovkalash kabi mexanizmlar belgilangan.
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi ham o‘z vakolatlari doirasida axborot sohasida monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirib kelmoqda. Internet tarmoqlarida qonunga, milliy va axloq-odob normalariga zid yoki voyaga yetmaganlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan axborotlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, inspeksiyaning 2026-yil I yarim yillik faoliyati yakunlariga ko‘ra, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish yo‘nalishida yoshga oid tasnif belgisi mavjud bo‘lmagan 636 ta axborot materiali aniqlanib, ular yuzasidan tegishli chora ko‘rildi.
Biroq, faqat davlat organlarining nazorati yoki cheklovlari bilangina kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Chunki, bolaning internetda nimani ko‘rayotgani, kimlar bilan muloqot qilayotgani va qanday axborotlarni qabul qilayotgani haqida birinchi navbatda ota-ona xabardor bo‘lishi kerak.
Ayrim hollarda oddiy o‘yinlar, zararli chellenjlar yoki “trendlar” niqobi ostida tarqalayotgan xavfli chaqiriqlar bolalarning ruhiy holati va xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu o‘rinda muhim savol tug‘iladi: farzandimiz texnologiyadan foydalanyaptimi yoki texnologiya farzandimizdan foydalanyaptimi?
Bu savolga javob topishda faqat taqiq va cheklovlarga suyanish yetarli emas. Bolada raqamli madaniyat, axborotni saralash va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish ham muhim. U internetda uchragan har qanday ma’lumotni haqiqat sifatida qabul qilmasligi, shubhali havolalarni ochmasligi, shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga bermasligi va noma’lum insonlar bilan muloqotda ehtiyotkor bo‘lishi kerak.
Har bir ota-ona farzandi foydalanadigan smartfon yoki kompyuterda ota-ona nazorati funksiyalari va xavfsiz qidiruv filtrlarini faollashtirishi mumkin. Ammo nazoratning o‘zi yetarli emas. Bola shubhali yoki xavfli holatga duch kelganda bemalol ota-onasiga murojaat qila oladigan muhit yaratish zarur.
Ta’lim muassasalarida bolalarga raqamli xavfsizlik, mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlash asoslarini o‘rgatish, davlat organlari tomonidan esa qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash va raqamli muhitda bolalar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Internetni boladan butunlay uzib qo‘yish bugungi raqamli davrda real yechim emas. Zero, internet – bilim, ta’lim, ijod va muloqot uchun ham katta imkoniyat. Asosiy vazifa – bolani internetdan ajratish emas, balki uni internetdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishga o‘rgatish.
Shu ma’noda, “Farzandimiz internetda nimani ko‘rmoqda?” degan savol faqat gadjet yoki texnologiya masalasi emas. Bu farzand tarbiyasi, oila mas’uliyati, jamiyat xavfsizligi va kelajak avlodning raqamli madaniyati bilan bog‘liq masala.
Zahiriddin To‘rayev,
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘limining
Axborot sohasida monitoring va nazorat bo‘yicha bosh mutaxassisi.
O‘zA