Kasb ta’limi bo‘yicha tajriba almashildi
Jizzax viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov rahbarligidagi iqtisodiy kompleks vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvda professional ta’lim muassasasida yoshlarga zamonaviy kasb va mutaxassisliklarni o‘rgatish, ularni mehnat bozori talablariga mos kadrlar sifatida tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi.


Texnikumda o‘quv jarayonining amaliy yo‘naltirilganiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘quv xonalari va amaliy mashg‘ulot ustaxonalarining jihozlanishi, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim sifati va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish jarayoni ko‘zdan kechirildi.


Shuningdek, ta’lim muassasasining korxona va tashkilotlar, ish beruvchilar bilan hamkorligi ham muhokama qilindi. Xususan, dual ta’limni samarali tashkil etish, talabalarning nazariy bilimlarini ishlab chiqarishdagi amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish borasidagi tajribalar o‘rganildi.

O‘rganish yakunida hududlarda professional ta’limni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri