O‘zbekiston uchun yangi imkoniyat eshiklari ochildi
Samarqandda 2026-yil 19-oktabr kuni o‘tkazilgan “C5 + 1” vazirlar uchrashuvi hamda Amerika - O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi mamlakatimiz uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.
Mazkur imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishda huquqiy kafolatlar va malakali kadrlarning o‘rni haqida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi mas’ul xodimi, «The Legal Perspective» nashri asoschisi Bahodir Sa’dullayev o‘z fikrlarini bildirdi:
– Samarqanddagi “C5 + 1” uchrashuvi O‘zbekistonning transport, sanoat, texnologiya va ta’lim sohalaridagi ustuvor vazifalarini xalqaro hamkorlik loyihalariga aylantirish imkoniyatini kengaytirdi.
Markaziy Osiyoning besh davlatini AQSH bilan birlashtiruvchi formatning dastlabki vazirlar uchrashuvi 2015-yilda ham Samarqandda o‘tkazilgan. Bu hamkorlikning davomiyligini ifodalaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq tashqi siyosatida qo‘shnilar bilan ishonchli munosabatlar muhim o‘rin tutadi. Chunki transport yo‘laklari, energetika va ishlab chiqarish zanjirlari mintaqadagi davlatlarning muvofiqlashgan harakatini talab etadi.
Prezident matbuot xizmati axborotida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani, kengash yig‘ilishi doirasida 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Wabtec bilan lokomotivlar yetkazib berish, ularga xizmat ko‘rsatish va kadrlar tayyorlash, Traxys bilan muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, Franklin Templeton bilan esa korxonalarni transformatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Shu o‘rinda aytish joizki, har bir loyiha mamlakatning taraqqiyot vazifalariga xizmat qilishi, kelishuvlar huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi zarur. Davlat ishtirokidagi bitimlarda byudjet majburiyatlari va ekologik talablar baholanishi, tijorat shartnomalarida esa taraflarning javobgarligi va nizolarni hal etish tartibi aniq belgilanishi kerak.
Masalan, xorijdan uskuna olayotgan tadbirkor uchun narxdan tashqari kafolat, ehtiyot qismlar, dasturiy ta’minotdan foydalanish va zararni qoplash shartlari ham ahamiyatli. Nizoni qaysi sud yoki arbitraj ko‘rishi, qaysi huquq qo‘llanishi oldindan kelishib olinishi lozim.
Sud mustaqilligi, taraflarning teng protsessual imkoniyatlari va qaror ijrosi huquqiy ishonchni shakllantiradi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 14-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov - 2030” strategiyasi sud mustaqilligi, ochiqlik, qarorlar sifati va raqamli odil sudlovni rivojlantirishda muhim asos bo‘ldi.
Strategiyani 2026 - 2028-yillarda amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturining 56-bandida O‘zbekiston fuqarolari ko‘p bo‘lgan va iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotgan davlatlarning sud va adliya organlari bilan hamkorlikni kuchaytirishi belgilangan. Shuningdek, sud topshiriqlarining bajarilishi, qarorlarni tan olish va ijroga qaratish bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish nazarda tutilgan.
Shu asosda O‘zbekiston - AQSH munosabatlarida hujjatlarni yetkazish, dalil olish va qarorlar ijrosidagi qiyinchiliklarni tahlil qilish mumkin.
Xalqaro tijorat nizolari, korporativ boshqaruv va intellektual mulk bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etish maqsadga muvofiq. Masalan, Odil sudlov akademiyasida amerikalik mutaxassislar ishtirokida seminarlar, stajirovkalar va masofaviy mashg‘ulotlar tashkil etish imkoniyatlari yetarli.
Tadbirkorlar uchun xalqaro arbitraj imkoniyatlarini bilish ham juda muhim. Bu borada O‘zbekistonda “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
O‘zbekiston va AQSH ishtirokchi bo‘lgan 1958-yilgi Nyu-York konvensiyasi esa chet el arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratishda xalqaro huquqiy asos yaratadi.
Konvensiyada tan olish va ijroni rad etishning cheklangan asoslari ham mavjud. U davlat sudlari qarorlariga taalluqli emas. Bunday qarorlarni tan olish va ijro etishda tegishli xalqaro shartnoma hamda milliy qonunchilikdagi asoslar alohida tekshiriladi. Shuning uchun tadbirkor shartnoma tuzishdayoq qarorning qayerda va qanday ijro etilishini bilishi yoki belgilashi kerak.
O‘zbekistonning 2026-yil 19-oktabrda “Artemida” bitimlarini imzolashi koinotni tinch maqsadlarda o‘rganish bo‘yicha hamkorlikka ham yo‘l ochdi. Bu hujjatlar ochiqlik, ilmiy ma’lumot almashish va mas’uliyatli faoliyat prinsiplarini ifodalaydi. Mazkur yo‘nalish ilmiy hamkorlik va kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Samarqand muloqotining samarasini baholashda asosiy mezon – ishga tushgan loyiha, mahalliy korxonaning yangi buyurtmasi, mutaxassis o‘zlashtirgan texnologiya va mahsulot uchun ochilgan yangi bozor alohida o‘rin tutadi. Buning uchun mas’ullar, ijro muddatlari va natija ko‘rsatkichlari aniq belgilanishi zarur. Puxta shartnomalar, malakali kadrlar va samarali huquqiy himoya kelishuvlar aholi va biznes uchun amaliy natijaga aylanishi shubhasiz.
N.Abduraimova,
O‘zA