O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi
Prezidentimiz sohada ilm, tahlil va professional tanqidchilikni rivojlantirish maqsadida “Kinoshunoslar klubi” tashkil etilishini ma’lum qildi.
“O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi klub faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasiga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashadi. Bu milliy filmlarning nufuzli xalqaro festivallardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Soha vakillarining kasbiy hamjamiyatini jipslashtirish uchun O‘zbekiston Kino arboblari va O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmalari birlashtirilib, O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi.
Palata sohada o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirish, ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning professional o‘sishiga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi va palata faoliyati moliyaviy-tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi belgilandi. Yangi palata faoliyatini tashkil etish ishlarini bir oyda yakunlash topshirildi.
O‘zA