Toshkentda Gepatit A xavfi oshmoqdami? Epidemiolog ota-onalarga muhim murojaat qildi
Poytaxtda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni yuqumli sariq kasalligidan himoya qilish uchun Sanepidqo‘m Toshkent shahar boshqarmasi boshchiligida keng ko‘lamli emlash kompaniyasi ish boshladi. Toshkent shahar hokimligi qarori bilan ajratilgan 2 milliard 23 million so‘m mablag‘ evaziga Xitoyda ishlab chiqarilgan 8092 doza gepatit A vaksinasi xarid qilinib, 8 mingdan ortiq bolani emlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini virusli gepatit A kasalligidan himoya qilish maqsadida keng ko‘lamli emlash tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Sanepidqo‘m Toshkent shahar boshqarmasi Epidemiologiya bo‘limi mudiri Dilfuza Rasulova ma’lum qildi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, virusli gepatit A — jigarni zararlovchi o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, asosan virus bilan ifloslangan suv, oziq-ovqat mahsulotlari va maishiy muloqot orqali yuqadi. Ayniqsa, kasallikning yashirin yoki simptomsiz (klinik belgisiz) shakli bilan og‘riyotgan insonlar infeksiya tarqatishda katta xavf tug‘diradi.

— Virus organizmga tushganidan keyin kasallik belgilari darhol namoyon bo‘lmaydi. Yashirin davr odatda 15 kundan 50 kungacha davom etadi. Shu bois infeksiya tarqalishining oldini olishda profilaktika tadbirlari juda muhim ahamiyatga ega, — deydi epidemiolog.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvish, suvni faqat qaynatilgan holda iste’mol qilish va sanitariya talablariga rioya etish kasallikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Biroq eng samarali himoya usuli emlash hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, gepatit A bilan kasallangan bir nafar bemorni davolash va keyingi tiklanish jarayonlari uchun o‘rtacha 1.5 mln — 2 mln so‘m sarflanmoqda (bemorni davolanishi, bemorni kelib ko‘rib ketishiga ketgan transport sarf xarajatlari va h.k., bundan tashqari 6 oy davomida parhez qilish va sog‘lomlashtirish ishlari uchun mablag‘ sarflanadi).
— Gepatit Aga qarshi vaksina kasallikning oldini olishda yuqori samaradorlikka ega. Emlanganlarda kasallikdan himoya darajasi 95–98 foizni tashkil etadi va emlashdan keyingi asoratlar kuzatilmaydi — deydi Dilfuza Rasulova.
Uning ma’lum qilishicha, joriy yilning 22-mayidan boshlab Toshkent shahrida maxsus emlash oyligi tashkil etilgan. Tadbir doirasida “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari, “SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari” maxsus maktab-internat o‘quvchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 1,5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlari qamrab olinmoqda.
Ushbu maqsad uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 2 milliard 23 million so‘m ajratilgan va 8092 doza gepatit Aga qarshi vaksina xarid qilingan.
Mutaxassisning aytishicha, emlash jarayonini tashkil etishda barcha sanitariya va xavfsizlik talablariga qat’iy amal qilinmoqda. Vaksinalar sovuqlik zanjiri qoidalari asosida saqlanib, hududiy oilaviy poliklinikalarga yetkazilgan. Emlash punktlari zarur tibbiy jihozlar, shpritslar va shoshilinch holatlar uchun dori vositalari bilan ta’minlangan.

Emlash kompaniyasiga 97 ta maxsus brigada jalb qilingan bo‘lib, ular tarkibida shifokorlar, vaksinatorlar va hamshiralar faoliyat yuritmoqda. Har bir bola emlanishidan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, faqat sog‘lom deb topilganlar vaksinatsiya qilinmoqda.
Shuningdek, emlangan bolalar bir necha kun davomida tibbiy kuzatuv ostida bo‘lib, hozirga qadar emlashdan keyingi jiddiy nojo‘ya holatlar qayd etilmagan.
Suhbat yakunida epidemiolog ota-onalarga murojaat qilib, farzandlarni yuqumli kasalliklardan himoya qilishda o‘z vaqtida emlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
— Bolalarni rejali va epidemik ko‘rsatmalar asosida o‘z vaqtida emlatish nafaqat ularning shaxsiy himoyasini ta’minlaydi, balki jamoaviy immunitetning shakllanishiga ham xizmat qiladi. Bu esa kasallikning keng tarqalishining oldini olishda muhim omil hisoblanadi, — dedi Dilfuza Rasulova.
Mutaxassis, shuningdek, sog‘lom ovqatlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ham bolalar organizmining turli infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini mustahkamlashini ta’kidladi.
Mohichehra Eshmirzayeva, O‘zA