Arxiv sohasida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tizimida 2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev tomonidan sohada ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, o‘tgan yil 2-mayda tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi doirasida belgilangan 31 ta chora-tadbirning ijrosi ta’minlandi. Dastur doirasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish, inson omilini qisqartirish hamda xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 24-noyabrdagi “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi sohada korrupsiya xavflarini kamaytirish bo‘yicha muhim huquqiy asos bo‘ldi. Mazkur farmonga muvofiq, 2026-yil 1-avgustdan boshlab davlat arxivlari tomonidan amalga oshiriladigan bir qator funksiyalar to‘liq raqamlashtirilgan shaklda bajarilishi belgilandi.
Jumladan, Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yig‘majildlar ro‘yxatlarini shakllantirish va tasdiqlash, arxiv hujjatlarini qabul qilish va foydalanishga berish, tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda arxiv hujjatlarining saqlanishini kelishish, yig‘majildlar nomenklaturalarini shakllantirish hamda davlat arxivlariga hujjat topshiruvchi tashkilotlarning yagona ro‘yxatini yuritish kabi jarayonlar elektron shaklga o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilayotgan davlat nazorati tadbirlari natijalari muntazam ravishda hay’at yig‘ilishlarida muhokama qilinib, mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitib borildi. Bu esa sohadagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkonini bermoqda.
Korrupsiyaviy omillarni kamaytirish maqsadida arxiv hujjatlarini tartibga keltirish bo‘yicha talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish xizmati davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada inson omili qisqarib, xizmat ko‘rsatish jarayonlarining shaffofligi yanada oshirildi.
Ayni paytda axborot tizimida xizmat ko‘rsatish shartnomalarini elektron shaklda tuzish bo‘yicha yangi modul ishlab chiqilib, agentlik tizimida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu esa shartnomaviy munosabatlarda ochiqlik va nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Kadastr sohasida ham korrupsiya xavflarini bartaraf etishga qaratilgan yangi tartiblar joriy etildi. Endi ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportini rasmiylashtirish va huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarida arxiv ma’lumotnomalari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali olinadi. Shuningdek, taqdim etilgan arxiv ma’lumotlarining haqqoniyligi Arxiv axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Nomutanosiblik yoki soxtalashtirish holatlari aniqlanganda, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi belgilangan.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirish maqsadida Kadastr agentligi va “O‘zarxiv” agentligi tomonidan qo‘shma buyruq qabul qilinib, QR-kodli arxiv ma’lumotnomalarini elektron tizim orqali tekshirish mexanizmi to‘liq amaliyotga joriy etildi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash sohasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan,e-anticor.uz elektron platformasi orqali agentlik va uning tizimidagi 176 ta funksiya tahlil qilindi. Natijada 2 ta funksiya yuqori, 21 ta funksiya o‘rta va 153 ta funksiya past darajadagi korrupsiyaviy xavfga ega deb baholandi. Ushbu tahlillar asosida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, korrupsiyaga moyil lavozimlar ro‘yxati hamda tegishli dasturlar tasdiqlandi.
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hisobot davrida agentlik va uning hududiy boshqarmalari rahbar hamda xodimlari tomonidan taqdim etilgan 1801 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasi tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 14 nafar boshqaruv xodimida 18 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlandi va belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Shuningdek, o‘rganishlar natijasida 2 ta haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi holati bartaraf etildi.
Agentlik tomonidan tuzilayotgan barcha xo‘jalik shartnomalariga korrupsiyaga qarshi maxsus qoidalar kiritilmoqda. E’tiborlisi, hisobot davrida birorta ham kontragent ushbu shartlarni qabul qilishdan bosh tortmagan.
Korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish va xodimlarning huquqiy ongini oshirish maqsadida tizim tashkilotlarida keng qamrovli targ‘ibot va o‘quv tadbirlari tashkil etildi.
Korrupsiya haqidagi murojaatlar bilan ishlash tizimi ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. 2026-yilning birinchi yarim yilligida Samarqand va Navoiy viloyatlariga oid korrupsiya alomatlari bo‘yicha 2 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlar har tomonlama o‘rganildi va ularda keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Monitoring va nazorat ishlari doirasida Samarqand, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarida jami 3 ta o‘rganish o‘tkazildi. Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zarxiv” agentligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarning ijrosi ta’minlanib, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda jamoatchilik uchun ochiqlikni ta’minlash borasida sezilarli natijalarga erishildi.
Kelgusida ham sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni yanada qisqartirish, raqamli xizmatlarni kengaytirish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA