O‘zbekiston san’ati Sloveniya va Xorvatiya sahnalarida e’tirof etildi
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasining “Buxorcha” ashula va raqs ansambli Sloveniya hamda Xorvatiya respublikalarida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro folklor festivallari va madaniy tadbirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, milliy san’atimiz va madaniyatimizni xalqaro maydonda munosib namoyish qildi.
Gastrol dasturining ilk manzili Sloveniyaning Metlika shahri bo‘ldi. Bu yerda mahalliy aholi uchun tashkil etilgan konsertda Toshkent, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro vohalariga xos milliy kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar hamda xalq og‘zaki ijodi namunalari ijro etildi.
Shundan so‘ng jamoa Maribor shahrida o‘tkazilgan 38-xalqaro CIOFF FolkArt folklor festivali doirasida qatnashdi. Festival davomida shahar markazi va sayyohlar gavjum hududlarida ko‘cha tomoshalari tashkil etildi. O‘zbekistonlik san’atkorlar Boliviya ijodiy jamoalari bilan birgalikda milliy qo‘shiq va raqs dasturlarini taqdim etib, festival mehmonlari hamda mahalliy aholining iliq olqishiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, o‘zbek milliy raqslari, milliy liboslar va xalq cholg‘u asboblari xorijlik tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Festival doirasida Maribor shahri bo‘ylab oqib o‘tuvchi Drava daryosi sohilida ishtirokchi davlatlar san’atkorlarining an’anaviy tantanali yurishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Boliviya, Shimoliy Makedoniya, Polsha, Puerto-Riko, O‘zbekiston, Serbiya va Sloveniya vakillari o‘z mamlakatlarining milliy madaniyatini namoyish etdi.
Shuningdek, Maribor shahri meri Sasha Arsenovich bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Konsert-tomosha faoliyatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Usmonov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasi direktori Rauf Avezov boshchiligidagi delegatsiya hamda xorijiy davlatlar vakillari madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish va xalqaro festivallar doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Murska Sobota shahrida esa O‘zbekiston va Boliviya ijodiy jamoalari ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat san’atkorlari milliy musiqa va raqs san’ati namunalarini namoyish etib, tomoshabinlarga unutilmas taassurot qoldirdi.
38-xalqaro CIOFF FolkArt festivalining yakuniy gala-konserti Maribor shahridagi Leon Shtukel maydonida o‘tkazildi. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 200 nafardan ortiq san’atkor ishtirok etgan ushbu konsertda O‘zbekiston vakillari Osiyo qit’asi nomidan munosib ishtirok etib, milliy qo‘shiq va raqslari bilan tomoshabinlar e’tirofi va olqishiga sazovor bo‘ldi.
Gastrol safari Xorvatiyada ham davom etdi. “Buxorcha” ashula va raqs ansambli Karlovats shahrida o‘tkazilgan XXVII International Folk Festival doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etdi. Festival dasturiga muvofiq, shahar markaziy ko‘chalari va sayilgohlarida tashkil etilgan ko‘cha chiqishlarida ansambl a’zolari o‘zbek milliy qo‘shiq va raqslari, nafis milliy liboslari hamda xalq cholg‘u asboblari jo‘rligidagi ijrolari bilan mahalliy aholi va xorijlik mehmonlarga milliy san’atimizning boy an’analari va betakror jozibasini namoyish etdi.
Mazkur xalqaro festivalda O‘zbekiston bilan bir qatorda Madagaskar, Puerto-Riko, Filippin va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan folklor hamda badiiy jamoalar ham ishtirok etib, o‘z xalqlarining boy madaniy merosi va milliy an’analarini namoyish etdi.
Besh kun davom etgan nufuzli xalqaro festival madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, xalqlarning nomoddiy madaniy merosini targ‘ib qilish va ijodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylandi. O‘zbekiston san’atkorlarining ushbu tadbirlardagi muvaffaqiyatli ishtiroki milliy madaniyatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish va o‘zbek san’atini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga munosib hissa bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA