O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni nishonlandi
Toshkentdagi Xalqaro anjumanlar saroyida 25-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Binoning kirish qismida “IIV ta’lim muassasalari: kecha va bugun” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” nomli foto va videoko‘rgazmalar tashkil etildi.
Unda ichki ishlar organlarining mustaqillik yillaridagi shakllanish jarayonlari hamda Yangi O‘zbekiston sharoitidagi zamonaviy, professional va xalqchil ichki ishlar organlarining faoliyati izchil va chuqur aks ettirilgan.
Mazkur ko‘rgazmalar orqali tadbir ishtirokchilari tizimning uzoq o‘tmishi, tarixiy bosqichlari va hozirgi kundagi keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Ekspert-kriminalistika, Jamoat tartibini saqlash va Qo‘riqlash xizmatlari uchun ajratilgan maxsus joylarda oldingi davrlar va zamonaviy maxsus anjomlar, eng ilg‘or maxsus texnikalar, xizmat avtomobillari hamda har bir xizmatning o‘ziga xos faoliyatini namoyish etuvchi ko‘rgazmali chiqishlarda esa ichki ishlar organlarining o‘ttiz besh yillik rivojlanish yo‘li ko‘rsatib berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti rahbari – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining tizim xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Prezident tabrigida ichki ishlar organlari xodimlarining mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat xavfsizligini saqlash hamda xalq manfaatlariga xizmat qilish borasidagi fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish va aholi bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlar ta’kidlandi.

Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish borasida ichki ishlar organlari oldiga muhim vazifalar qo‘yildi. Soha faoliyati samaradorligini yanada oshirish, xalq bilan hamkorlikni mustahkamlash va har bir xodimning xizmat burchiga sadoqatini yuksaltirish ustuvor vazifalardan ekani qayd etildi.
Tadbirning badiiy qismida ichki ishlar organlari xodimlarining xavfli, mas’uliyatli va shu bilan birga shonli faoliyatlari tarannum etildi.

Bayram dasturi yakunlangach, Toshkent osmonida dronlar ko‘rinish berdi. O‘tkazilgan zamonaviy dron-shou poytaxt hududida bayram kuni ham uzluksiz xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga bayram kayfiyatini bag‘ishladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA