IIV: ichki ishlar organlari xodimlarining faolligi natijasida 31 ming 917 jinoyat fosh etildi
25-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Bu sana xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlovchi muhim tuzilmada fidoyilik bilan xizmat olib borayotgan xodimlarning kasb bayramidir. Qiyin vaziyatlarda, huquqimizga daxl qilinganda biz ularni birinchi bo‘lib eslaymiz. Kunning qaysi vaqti bo‘lishidan qat’i nazar, “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilamiz. Ular esa doim bizni eshitishga, yordam berishga shay turadi.
Ular jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bilan cheklanib qolmay, bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha ham izchil faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaning qayd etishicha, jamiyatning bosh bo‘g‘ini hisoblangan mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning xavfsizligini kafolatlash har qanday davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 ming 21 taga kamaydi. Bu ko‘rsatkich ichki ishlar organlari tomonidan mahallalarda olib borilayotgan manzilli profilaktika, jinoyatchilik sabablarini ilmiy tahlil qilish, tezkor tadbirlar va aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash yo‘nalishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohadagi faoliyatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
Mazkur tarixiy hujjat mahallabay ishlash tizimida ustuvor vazifalarni aniq belgilab berdi. Bunda asosiy e’tibor ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolarni barvaqt aniqlash, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar ishtirokidagi qonunbuzilishlarning tub sabablarini chuqur o‘rganishga qaratildi. Har bir murojaat va qonunbuzilish holatiga tezkor hamda qat’iy munosabat bildirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Yurtimiz bo‘ylab olib borilgan ishlar natijasida 4 ming 380 mahallada umuman jinoyat qayd etilmadi. Bu mamlakatimizdagi jami mahallalarning 48,6 foizini, ya’ni qariyb yarmini tashkil etadi. Jinoyat sodir etilgan hududlar esa kriminogen vaziyatiga qarab maxsus toifalarga ajratildi. Unga ko‘ra, 3 ming 933 mahalla (43,7 foizi) «sariq», 679 tasi esa (7,6 foizi) «qizil» toifaga kiritildi.
Alohida ijtimoiy toifalar bo‘yicha ham sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 1 ming 608 tadan 1 ming 519 taga kamaydi. Xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 2 ming 23 tadan 1 ming 604 taga, yoshlar ishtirokidagi jinoyatlar esa 7 ming 824 tadan 5 ming 948 taga kamaydi.
Bundan tashqari, spirtli ichimlik ta’sirida, ya’ni mast holda sodir etilgan jinoyatlar 5,4 foizga, muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan qayta qonunbuzarlikka qo‘l urish holatlari 8 foizga, ishsiz fuqarolar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 21,1 foizga kamaygan. Bu raqamlar bandlikni ta’minlash va ijtimoiy reabilitatsiya tadbirlari o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tashabbusi va faolligi natijasida 31 ming 917 jinoyat fosh etildi. Bu borada eng muhim va og‘ir yo‘nalishlardan biri giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘ldi.
Ushbu yo‘nalishda 13 ming 293 jinoiy holat aniqlanib, qora bozorga kirib borishi kerak bo‘lgan 3 tonna 357 kilogramm giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.
Tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklar yetishtirilayotgan 17 ming 120 kvadrat metr maydon aniqlanib, butunlay yo‘q qilindi.
Nazorat ostida bo‘lgan 2 million 773 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tarqalishining oldi olindi. Keng qamrovli tezkor tadbirlar natijasida 19 ta noqonuniy yashirin narkolaboratoriya faoliyati fosh etildi va 122 ta uyushgan narkojinoiy guruh zararsizlantirildi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” hamda “Qoradori - 2026” tadbirlari doirasida avgust va sentabr oylarida respublika miqyosida keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirning ikkinchi bosqichida umumiy qiymati 221,7 milliard so‘mga baholangan 369,3 kilogramm (taxminan 1,8 million doza) giyohvandlik moddasi va 66 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilindi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali narkodo‘konlarni targ‘ib qiluvchi 381 ta narkograffiti yozuvi o‘chirildi va 3 ta yashirin narkolaboratoriya tugatildi.
“Qoradori - 2026” tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida taqiqlangan ekinlarni yetishtirish bilan bog‘liq 1 ming 385 ta jinoyat aniqlandi. Jinoyatchilarni aniqlashda zamonaviy texnologiyalardan, jumladan, dronlar yordamidagi kuzatuvlar va vertolyotlardagi nazorat uchishlaridan unumli foydalanildi. Natijada 16 ming 180 kvadrat metr maydondagi ko‘knori va kannabis plantatsiyalari yo‘q qilindi.
Davlatning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligiga tahdid soluvchi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida 5 ming 264 ta jinoyat aniqlandi. Mazkur ko‘rsatkich tarkibida 2 ming 585 ta qo‘shmachilik, 165 ta odam savdosi, 1 ming 450 ta noqonuniy qurol-yarog‘ aylanmasi hamda 797 ta ma’muriy nazorat qoidalarini buzish holati mavjud bo‘lib, ular bo‘yicha qat’iy qonuniy choralar ko‘rildi.
Hisobot davrida 6 ming 293 ta korrupsiyaviy jinoyat fosh etildi. Tezkor tuzilmalarning sa’y-harakatlari bilan avvalgi yillarda sodir etilib, ochilmay qolgan 20 mingdan ortiq jinoyat fosh etildi. Sud va tergov idoralaridan yashirinib yurgan 8 mingga yaqin qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi.
Eng quvonarlisi, turli sabablarga ko‘ra bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan 4 ming 863 nafar fuqaro topilib, o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi. Internet tarmog‘i orqali yoshlar ongini zaharlashga urinayotgan terrorizm va ekstremizm g‘oyalarining tarqalishiga qarshi kurashish yo‘nalishida 1 ming 404 ta jinoyat aniqlandi.
Raqamli muhitdagi xavfsizlikni ta’minlash eng dolzarb global muammolardan biriga aylandi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda 69 ming 962 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning aksariyati fuqarolarning pul mablag‘larini plastik kartalar va elektron to‘lov tizimlari orqali firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishga qaratilgan.
Bu vaziyat tizimni tubdan isloh qilishni talab etdi. Joriy yilning 24-sentabr kuni Andijon shahrida Prezidentimiz raisligida o‘tgan yig‘ilishda kiberjinoyatlarga qarshi kurashda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish topshirig‘i berildi. Tajriba tariqasida Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar bo‘linmalarida hudud rahbarlarining raqamlashtirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari yangidan joriy etildi. Bu lavozimlarga AT sohasida yuqori malakaga ega mutaxassislar tayinlandi.
Hozirda ushbu yangi xodimlar Ichki ishlar vazirligi, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari va Kriminologiya instituti olimlari bilan hamkorlikda joylardagi muammolarni ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilmoqda. Kiberhujumlar va firibgarlardan himoyalanish uchun maxsus “APK Qo‘riqchi” mobil dasturi ishlab chiqildi va uni aholi smartfonlariga o‘rnatish ishlari boshlandi. Shu bilan birga, byudjet tashkilotlari xodimlari, talabalar va pensionerlarning kibermadaniyatini oshirish bo‘yicha keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish va ularning muammolarini tinglash ichki ishlar organlari faoliyatining bosh mezoniga aylandi. Olis va chekka hududlarda muntazam ravishda sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Vazirlik rahbariyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun videokonferensaloqa tizimi yaratildi.
2026-yilning to‘qqiz oyida vazirlik tizimiga 321 ming 805 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 87 foizi qanoatlantirildi. Hududiy ichki ishlar organlariga kelib tushgan 289 ming 976 ta murojaatdan 236 ming 246 tasi (81 foizi) ijobiy hal etildi, 26 ming 456 ta murojaat egasiga esa huquqiy tushuntirishlar berildi.
Amalga oshirilgan ishlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizda jinoyatchilikni jilovlash va xavfsiz muhit yaratish borasida katta natijalarga erishilmoqda. Jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganish, raqamli makondagi tahdidlarga tezkor javob berish hamda aholining murojaatlari bilan sifatli ishlash kelgusida ham xavfsiz va osoyishta jamiyat barpo etishning bosh garovi bo‘lib qoladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA