315 ming tadbirkorning 1,5 trillion so‘mlik penyasi bekor qilinadi
Tadbirkorlik faoliyatida soliq qarzi sabab yuzaga keladigan penya va ijro jarayonlari biznes uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin. Endi kichik va o‘rta biznes vakillarining bir qismi uchun bu yukni yengillashtirish imkoniyati yaratildi. Mazkur chora orqali tadbirkorlarga mavjud soliq majburiyatlarini tartibga solib, faoliyatini yangi shartlarda davom ettirish uchun «ikkinchi imkoniyat» berilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, biznes vakillari uchun qator yangi moliyaviy va tashkiliy mexanizmlar belgilandi.
Ushbu hujjat asosida kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun «Ikkinchi imkoniyat» iqtisodiy amnistiyasi joriy etildi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrga qadar yuzaga kelgan soliq qarzini 2026-yil 31-dekabrga qadar to‘liq to‘lagan tadbirkorlarning hisoblangan penyasi bekor qilinadi. Shuningdek, ularga nisbatan yuritilayotgan ijro ishlari ham tugatiladi.
Savdo-sanoat palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin bo‘lgan 315,2 ming nafar tadbirkorning jami 9,5 trillion so‘m soliq qarzi mavjud.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur qarzlar bo‘yicha hisoblangan penya miqdori 1,5 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Demak, tadbirkorlar asosiy soliq qarzini belgilangan muddatda to‘liq qoplasa, 1,5 trillion so‘mlik penya ularning zimmasidan olib tashlanadi. Bu, ayniqsa, aylanma mablag‘i cheklangan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun moliyaviy bosimni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Yangi tartibning imkoniyatlari penyani bekor qilish bilan cheklanmaydi. Jumladan, tadbirkor soliq hisobotidagi xatoni mustaqil ravishda aniqlab, tuzatsa va natijada qo‘shimcha hisoblangan soliqni 2026-yil yakuniga qadar to‘liq to‘lasa, unga ushbu summa bo‘yicha penya hisoblanmaydi. Bundan tashqari, 2019–2025-yillarda to‘plangan 1,6 trillion so‘mlik ayrim jarima qarzlari, shuningdek, aylanma solig‘i bo‘yicha 39,8 milliard so‘mlik jarima qarzlari ham hisobdan chiqariladi.
«Ikkinchi imkoniyat»dan foydalanishda eng muhim jihat — belgilangan muddatga rioya qilish. Ya’ni tadbirkorning 2026-yil 1-sentabrga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi 31-dekabrgacha to‘liq qoplanishi shart. Shunda hisoblangan penya bekor qilinib, tegishli ijro ishlari tugatiladi. Ushbu mexanizmni oddiy qilib aytganda, davlat tadbirkorga mavjud asosiy qarzini to‘lash uchun yil oxirigacha muddat bermoqda, tadbirkor esa o‘z navbatida asosiy majburiyatini bajarishi evaziga qo‘shimcha penya yukidan xalos bo‘ladi.
Mazkur choraning iqtisodiy ahamiyatini faqat qarzdorlikni kamaytirish bilan baholab bo‘lmaydi. Penya va ayrim jarimalarning hisobdan chiqarilishi tadbirkorlarning aylanma mablag‘larini saqlab qolish, soliq majburiyatlarini tartibga solish va faoliyatini qonuniy asosda davom ettirish imkonini kengaytiradi. Shu bilan birga, 9,5 trillion so‘mlik asosiy soliq qarzining undirilishi davlat byudjeti tushumlari barqarorligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim. Ya’ni mazkur mexanizm ikki tomonlama manfaatni ko‘zlaydi: tadbirkor penya va ayrim jarimalardan yengillik oladi, davlat esa asosiy soliq qarzlarining to‘lanishini rag‘batlantiradi.
Shu bois «Ikkinchi imkoniyat»ni biznes uchun berilgan imtiyoz sifatida emas, balki soliq majburiyatlarini to‘liq bajarish evaziga qo‘shimcha moliyaviy yukdan xalos bo‘lish imkoniyati sifatida baholash mumkin.
Eng muhimi, mazkur imkoniyatning amal qilish muddati cheklangan — soliq qarzini to‘liq to‘lash uchun oxirgi sana 2026-yil 31-dekabr.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA