O‘zbekiston mahsulotlari 122 mamlakatga eksport qilinmoqda
Mamlakatimizdan tovarlar va xizmatlar eksport qilinadigan davlatlar soni va mahsulotlar turi tobora ortib bormoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz ravnaqi yo‘lidagi muhim natijadir.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Muhammad Bobojonovning so‘ziga ko‘ra, O‘zbekistonning eksport geografiyasi sezilarli darajada kengaygan. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2017 yilda 12,55 milliard AQSH dollariga teng miqdorda mahsulot va xizmatlar eksport qilingan. 2023 yilda esa bu ko‘rsatkich 1,95 marta ko‘paygan. Ya’ni, 24,43 milliard AQSH dollariga yetgan.
– 2023 yilda eksportning yillik o‘sish sur’ati 23,8 foizni tashkil qildi. 2017 – 2023 yillar mobaynida mamlakatimizning eksport geografiyasi 14 ta mamlakatga kengaydi. Hozir mahsulotlarimiz 122 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Eksport qilinadigan mahsulotlar diversifikatsiyasi oshib bormoqda. Jumladan, 2017 yilda har biri 10 ming AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 1 ming 219 xil mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 2 ming 874 tani tashkil qildi. Bu 2,4 marotaba ko‘pdir. Ushbu yillarda paxtadan tayyorlangan yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2017 yilda to‘qimachilik mahsulotlari umumiy eksportning 8,1 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 12,5 foizni tashkil qilib, 65 ta mamlakatga 639 turdagi to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilindi, – dedi M.Bobojonov.
Albatta, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi muhim hisoblanadi. Unda eksport hajmini 2 barobar oshirish va 45 milliard dollarga yetkazish, eksportchi korxonalar sonini 6,5 mingtadan 15 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 barobar ko‘paytirish kabi qator chora-tadbirlar yurtimizning eksport imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA