Xalqaro e’tirof
Buxorolik tadbirkor va jamoatchilik faoli, O‘zbekiston “Tadbirkorlar va ishbilarmon ayollar” birlashmasi respublika raisi Mamlakat Sodiqova “Yevraziya–2026” xalqaro mukofoti finalida “Yevroosiyo do‘stlik ko‘priklari: tadbirkor ayollar va jamoatchilik yetakchilarining xalqaro hamkorlik platformasi” loyihasi bilan g‘olib bo‘ldi.
Mazkur natija O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotganining yana bir muhim dalilidir.
Bu yil “Yevraziya–2026” xalqaro mukofoti uchun 73 mamlakatdan 5512 ta ariza kelib tushgan. Loyihalarni saralash va baholash jarayonlariga 15 mamlakatdan 165 nafar ekspert, xalqaro hakamlar hay’atiga esa 50 nafar mutaxassis jalb etilgan. Final bosqichida 29 mamlakat vakillari ishtirok etgani tanlovning qamrovi va nufuzi qay darajada ekanini ko‘rsatadi. Ana shunday raqobat muhitida O‘zbekiston vakili ilgari surgan loyihaning g‘olib deb topilishi nafaqat shaxsiy yutuq, balki mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha shakllangan yangi yondashuvlarning xalqaro maydondagi e’tirofi sifatida ham ahamiyatlidir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va iqtisodiyotdagi rolini kuchaytirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash va jamiyatdagi faolligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu siyosatning amaliy natijasi bugun nafaqat mamlakat hududlarida, balki xalqaro maydonda ham namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik ayollarning xalqaro biznes, ijtimoiy tashabbuslar va jamoatchilik diplomatiyasi sohalaridagi ishtiroki tobora kengayib borayotgani shundan dalolat beradi. Shu ma’noda, loyihaning g‘olib bo‘lishi davlat siyosati darajasida yaratilayotgan imkoniyatlarning faol fuqarolik tashabbuslari bilan uyg‘unlashgan muhim namunasidir.
—Loyihaning asosiy maqsadi tadbirkor ayollar, jamoatchilik yetakchilari va yoshlarni birlashtirish, Yevroosiyo mamlakatlari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, tajriba almashish hamda yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishdan iborat, — dedi rais Mamlakat Sodiqova. — Loyihaning ahamiyati esa shundaki, u xotin-qizlarni faqat tadbirkorlik sub’ekti sifatida emas, balki jamiyat taraqqiyoti, mintaqaviy hamkorlik va xalq diplomatiyasining faol ishtirokchisi sifatida namoyon etadi.
Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyoda bunday tashabbuslarning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Chunki iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda insonlar o‘rtasidagi muloqot, ishonch va hamkorlik ham barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.
Ayollar tadbirkorligi esa bu jarayonda alohida o‘rin tutadi. Tadbirkor ayolning yangi biznes yaratishi — nafaqat uning oilasi daromadini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari, yangi xizmatlar va yangi ijtimoiy imkoniyatlar paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri