Zamonaviy trassa qurilishi boshlandi
Buxoroda yangi xalqaro aeroportni respublika ahamiyatidagi M37 avtomobil yo‘li bilan bog‘laydigan zamonaviy tezyurar avtomobil yo‘lini qurish ishlariga start berildi. Mazkur yirik infratuzilma loyihasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hududning transport salohiyatini oshirish, zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini shakllantirish hamda Buxoroning sayyohlik va logistika imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Umumiy uzunligi 23,8 kilometr bo‘lgan yangi avtomobil yo‘li to‘rt harakat tasmasiga ega bo‘ladi. Yo‘lning umumiy kengligi 25,25 metrni, har bir harakat tasmasining kengligi esa 3,75 metrni tashkil etadi.
Yangi trassaning barpo etilishi, avvalo, aeroportga olib boruvchi transport qatnovini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda. Bu nafaqat yo‘lovchilar uchun vaqt va masofani tejaydi, balki Buxoroga keluvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun ham zamonaviy transport muhitini yaratadi.
Loyiha doirasida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 3 ta ko‘prik hamda 2 ta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagini qurish rejalashtirilgan. Ushbu muhandislik inshootlari transport oqimini uzluksiz tashkil etish, chorrahalarda tirbandliklarni kamaytirish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda qurilish ishlariga qariyb 1 000 nafar ishchi-xodim, 500 dan ziyod transport vositasi va maxsus texnika jalb etilgan. Loyihaning beshta lotga bo‘lingan holda amalga oshirilayotgani qurilish ishlarini bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda olib borish, belgilangan vazifalarni bosqichma-bosqich va tizimli ravishda bajarish imkonini beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur yo‘l faqat aeroportga olib boruvchi transport koridori emas. U Buxoroning shahar va hududlararo transport tizimida muhim bo‘g‘inga aylanishi, yangi iqtisodiy faollik nuqtalarining shakllanishiga turtki berishi mumkin.
Zero, zamonaviy aeroportning samaradorligi uning aviatsiya infratuzilmasi bilan bir qatorda, aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘llarining sifati va o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga ham bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, yangi trassa Buxoroning transport-logistika salohiyatini oshirish bilan birga, viloyatning investitsiyaviy jozibadorligi va turistik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, Buxoro kabi tarixiy va turistik salohiyati yuqori hudud uchun aeroport, avtomobil yo‘llari va boshqa transport tarmoqlarining o‘zaro uyg‘un ishlashi strategik ahamiyatga ega. Yangi yo‘lning barpo etilishi ana shu yaxlit transport tizimini shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.
Eng muhimi, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha orqali Buxoroning zamonaviy transport qiyofasi yanada yuksaladi. Yangi yo‘l nafaqat bugungi ehtiyojlarni qondirish, balki kelgusi yillarda viloyatda iqtisodiyot, turizm, savdo va logistika sohalarining o‘sishi uchun zarur transport infratuzilmasini yaratishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri