Eksport salohiyati va sanoat kooperatsiyasiga e’tibor qaratildi
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish va tashqi bozorlarda milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Davlat rahbari tashabbuslari asosida yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, eksportchilarga berilayotgan imkoniyatlar va zamonaviy sanoat infratuzilmasining rivojlanishi hududlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, xorijiy investitsiya va texnologiyalarni jalb qilishga keng yo‘l ochmoqda.
Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O. Choriyevning Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davomida ham ana shu vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bir qator korxonalar faoliyati o‘rganilib, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida “KAMALAK SHABNAM TEKS” MCHJ faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi o‘rni, eksport-import operatsiyalari, ishlab chiqarish quvvati hamda xalqaro bozorlardagi imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ayniqsa, Germaniyaning nufuzli “Curt Bauer GmbH” kompaniyasi bilan qiymati 17 million yevro bo‘lgan shartnoma doirasida brendni relokatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik. Bu nafaqat mahalliy korxonaning ishlab chiqarish salohiyati ortib borayotganini, balki O‘zbekistonda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti xorijiy kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlik uchun tobora jozibador bo‘lib borayotganini ham ko‘rsatadi.

Nemis texnologiyalari asosida ishlayotgan korxona avtomobilsozlik, harbiy sanoat, aviatsiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlar uchun poliester hamda poliamiddan tayyorlanadigan yuqori sifatli texnik to‘qimachilik mahsulotlari, shuningdek, aralash tolali uy tekstili ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxonaning bugungi faoliyatiga raqamlarda nazar tashlansa, eksport yo‘nalishidagi o‘sish salohiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 2,5 million AQSH dollari, umumiy og‘irligi 770 tonna bo‘lgan to‘qimachilik matolari va sochiqlar eksport bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, 2026-yil davomida korxona tomonidan qiymati 4,5 million AQSH dollari, og‘irligi 1 500 tonna bo‘lgan tovarlar import bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Ular orasida trikotaj sanoati uchun zarur bo‘lgan bo‘yoqlar, kimyoviy vositalar, to‘qimachilik uskunalari va butlovchi qismlar bor.

Bu ko‘rsatkichlar korxona faoliyatida tashqi savdo operatsiyalari salmog‘i yuqori ekanini ko‘rsatish bilan birga, ishlab chiqarishning import xomashyo va zamonaviy texnologiyalar bilan uzviy bog‘liqligini ham namoyon etadi. Eng muhimi, import qilinayotgan resurslar tayyor mahsulot ishlab chiqarish va uni tashqi bozorlarga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyatini faqat eksport va import hajmlari bilan emas, balki import qilinayotgan texnologiya va xomashyoni yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotga aylantirib, uni xorijiy bozorga eksport qilish jarayoni sifatida baholash mumkin.

Uchrashuvda korxonaning eksport salohiyatini yanada oshirish, tashqi bozorlar geografiyasini kengaytirish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni tizimli hal etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Zero, davlat rahbari tomonidan belgilanayotgan asosiy maqsad — tadbirkorga faqat ishlab chiqarish uchun sharoit yaratish emas, balki uning mahsulotini dunyo bozoriga olib chiqish, raqobatbardoshligini oshirish va yangi qiymat zanjirlariga integratsiya qilishdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri