Bobur shahri bayramona go‘zallikka burkandi
Prezidentimiz tashabbusi bilan Bobur shahrining “Ziyolilar bog‘i”da o‘tkazilayotgan Rassomlar festivalining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bir necha kun davom etgan festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va yurtimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan 200 nafardan ziyod tasviriy va amaliy san’at vakillari o‘z ijod namunalarini namoyish etdi.
Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mas’ullari, taniqli rassomlar, haykaltaroshlar, fotorassomlar, san’atshunos hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tadbir o‘ziga xos, bayramona ruhda tashkil etildi.
[gallery-29554]
Bobur shahrining “Ziyolilar bog‘i”dagi ulkan sahna bayramona bezatilib, sahnaning markaziga ulkan LED ekran o‘rnatildi. Tadbir ochilishida ekranda Kamoliddin Bexzod va yana bir qancha mashhur rassomlar tomonidan yaratilgan miniatyuralar bilan uyg‘unlashgan tasvirlar namoyon bo‘ldi. Tasvirlar asta-sekin zamonaviy rassomlar ijodidan lavhalar bilan almashib, o‘tmish va bugunning uzviy bog‘liqligi aks etdi.
San’at, xususan, rassomlik, haykaltaroshlik, amaliy va zamonaviy san’at namunalari inson qalbini ezgulik va nafosat sari yetaklovchi buyuk kuch ekanini yana bir bor namoyon etgan mazkur festivalning maqsadi, ahamiyati haqida gapirildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Oltin medali” sohibi, rangtasvirchi rassom Asliddin Isayev raisligidagi nufuzli hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, festivalning Gran-pri mukofotiga o‘zining turkum asarlari uchun samarqandlik musavvir Abdulmuqadim Halimov sazovor bo‘ldi.
Gran-pri sohibi maxsus statuetka hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi - mamlakatimizda ishlab chiqarilgan “ONIX” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Festivalda “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa shahrisabzlik Mas’udbek Holov, ikkinchi o‘ringa Toshkent viloyatidan Erik Qulmanov, uchinchi o‘ringa Andijon viloyatidan Xasanboy Teshaboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Nauriz Aytmuratov sazovor bo‘ldi.
“Eng yaxshi haykaltarosh” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni Qo‘qon shahridan Ergashali Tojiboyev, ikkinchi o‘rinni Toshkent shahridan Ulash Uraqov, uchinchi o‘rinni Farg‘ona viloyatidan G‘iyosjon Boltayev qo‘lga kiritdi.
“Eng yaxshi fotorassom” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin Toshkent shahridan Hamdam Shorahmedovga, ikkinchi o‘rin Toshkent viloyatidan Sultanbay Dehqonovga nasib etdi.
“Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa Toshkent shahridan Mariya Safi, ikkinchi o‘ringa Navoiy viloyatidan Ulug‘bek Muhamatov, uchinchi o‘ringa Farg‘ona viloyatidan Dilbek To‘xtaqulov sazovor bo‘ldi.
Festivalda barcha nominatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rin sohiblari 35 million, ikkinchi o‘rin sohiblari 25 million, uchinchi o‘rin sohiblari esa 15 million so‘mdan pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlandi.
Tadbirda taniqli san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
Yuqori saviya va ko‘tarinkilikda o‘tgan mazkur festival mamlakatimizda tasviriy san’atni yanada rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy madaniyatimizni keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.