O‘zbekiston-Kanada: geologiya sohasida hamkorlik mustahkamlanadi
Geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, seysmik ma’lumotlarni samarali qayta ishlash va yer osti qatlamlarini chuqur o‘rganish sohani rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Bu borada xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati Kanadaning “Thrust Belt Imaging” (TBI) kompaniyasi prezidenti Greg Kemeron boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Xususan, seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash, geofizika va geologiya-qidiruv sohalarida hamkorlik imkoniyatlari, yer osti qatlamlarini vizuallashtirishning zamonaviy texnologiyalari hamda bu boradagi Kanada tajribasini o‘rganish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, geologik ma’lumotlarni mahalliy saqlash va ulardan foydalanish talablari, energetika va mineral resurslar sohasida hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning keyingi bosqichida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA