Davlat ijrochilari 486 mingga yaqin ijro hujjatini tugatdi
Termizda MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasining joriy yil to‘qqiz oylik yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Davron Abdullayev Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining shu yil 9 oyida amalga oshirgan ishlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Qayd etilgnidek, yilning o‘tgan davrida boshqarma organlari ish yurituvida bo‘lgan 9 trillion 293 milliard 670 million so‘mlik 850 mingta ijro hujjatlari yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilib, 5 trillion 377 milliard 673 million so‘mlik qariyb 486 mingta ijro hujjati tamomlandi. Ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 643,7 milliard so‘m yoki 31 foizga o‘sdi.

Davlat ijrochilari viloyatda aliment undiruvlari bilan bog‘liq 30 ming 137 ta ijro harakatlarini olib bormoqda. Shu davrda aliment oluvchilarning plastik kartalariga 132 milliard so‘m undirilib, 1 milliard 344 million so‘m aliment pullari oldindan to‘lov sifatida undirilgan. Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 229 milliard so‘m to‘latilgan. Mutasaddi idoralar hamkorligida 437 nafar ishsiz aliment qarzdorlarining ishga joylashtirilishi ta’minlangan. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” maxsus jamg‘armalariga 88 milliard 717 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Boshqarmaning qidiruv sho‘’basi xodimlari aliment to‘lashdan yashirinib yurgan 344 nafar shaxsni topib, ijro harakatlarini davom ettirish uchun davlat ijrochilariga topshirilgan. Hozir qidiruvda bo‘lgan 129 nafar aliment to‘lovchining 3 nafari chet elda ekani aniqlanib, xalqaro qidiruv uchun so‘rovnoma yuborilgan. Aliment to‘lashdan bosh tortgan 69 nafar qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yilning o‘tgan davrida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan turar joylari va bino inshootlari uchun 62 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘i undirib berildi. Ayni paytda qoldiq bo‘lib turgan qiymati 20 milliard 600 million so‘mlik 43 ta ish yuzasidan ijro harakatlari olib borilmoqda.

Sud hujjatlari asosida fuqarolarni ishga tiklash va ish haqlarini undirishga oid ijro hujjatlari alohida nazoratga olinib, hisobot davrida noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 43 xodim ishga qayta tiklandi. 125 ta ijro hujjatiga asosan fuqarolar foydasiga o‘z vaqtida to‘lab berilmagan ikki milliard 326 million so‘m ish haqi undirib berildi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, davlat ijrochilarining ish yuklamasi, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ommaviy axborot vositalari orqali olib borilgan targ‘ibot ishlari xususida ham atroflicha fikr almashildi. Jurnalistlarning taklif va tavsiyalari tinglandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri