Markaziy Osiyo va Ozarbayjon hamkorligi – barqaror taraqqiyotning yangi imkoniyatlari
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochmoqda. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish, energetika va investitsiya sohalaridagi sheriklikni mustahkamlash barqaror taraqqiyotning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, ekologik xavfsizlik va inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalar ham davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikka yangicha yondashuvni taqozo etmoqda.
Xo‘sh, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi yaqinlashuv mintaqalar iqtisodiyotining tarkibiy o‘zgarishiga qanday imkoniyatlar yaratadi? Kaspiy orqali transport aloqalarining kengayishi, energetika sohasidagi qo‘shma tashabbuslar va ekologik hamkorlik barqaror rivojlanishga qay darajada xizmat qiladi?
Ushbu savollar yuzasidan Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Muslim Ergashboyev bilan suhbatlashdik.

– Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning izchil rivojlanishi mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Avvalo, bu ikki hududni geografik jihatdan birlashtirish haqida emas, ularning iqtisodiy taraqqiyoti tobora o‘zaro bog‘lanib borayotgani haqida gap ketmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari jahon bozorlariga chiqish, sanoatni rivojlantirish va energiya ta’minotini mustahkamlashga intilmoqda. Ozarbayjon esa Kaspiy dengizining g‘arbiy sohilida joylashgani, rivojlangan energetika tarmog‘i va Kavkaz orqali tashqi bozorlar bilan aloqalari tufayli bu jarayonda muhim o‘rin tutadi.
Fikrimcha, mazkur munosabatlarning eng muhim jihati savdo yo‘nalishlarining ko‘payishida emas. Asosiy imkoniyat davlatlar iqtisodiyoti o‘rtasida yangi, uzoq muddatli bog‘liqliklar shakllanayotganidadir. Bu bog‘liqlik ishlab chiqarish, investitsiya, bilim va texnologiya almashinuviga aylansa, hamkorlikning ta’siri ancha keng bo‘ladi.
– Bu yaqinlashuv ikki hudud iqtisodiyotining tarkibiy o‘zgarishida qanday ahamiyat kasb etishi mumkin?
– Bilamizki, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon iqtisodiyotlari turli ko‘rsatkichlarga ega. Mintaqada yirik iste’mol bozorlari, qishloq xo‘jaligi va sanoat imkoniyatlari, gidroenergetika zaxiralari mavjud. Ozarbayjonning muhim ustunliklari esa energetika, transport, savdo xizmatlari va tashqi bozorlar bilan aloqalarda namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, mamlakatning o‘zi ham neft-gazga bog‘liqlikni kamaytirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish vazifasini hal etmoqda.
2025-yilda Ozarbayjonning neft va gazdan tashqari tovarlar eksporti 3,6 milliard dollardan oshgan. Bu ko‘rsatkich yangi tarmoqlarni rivojlantirish yo‘lidagi harakatni ko‘rsatadi, lekin iqtisodiyotning to‘liq tarkibiy o‘zgarganini anglatmaydi. Markaziy Osiyoda ham xomashyo eksportidan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish dolzarb.
Ushbu ikki jarayonni bir-biri bilan bog‘lash mumkin. Masalan, hamkorlik faqat tayyor mahsulot savdosidan iborat bo‘lmasdan, sanoat korxonalari o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalar, qo‘shma muhandislik xizmatlari va mutaxassislar tayyorlashga ham xizmat qilishi lozim. Bunda asosiy savol qaysi davlat qancha mahsulot sotganida emas, hamkorlik natijasida har bir iqtisodiyotda qanday yangi imkoniyat paydo bo‘lganidadir.
– Aytingchi, Kaspiy orqali transport aloqalarining kengayishi barqaror taraqqiyotga qanday hissa qo‘shishi mumkin?
– Xalqaro savdoda masofa bilan birga transport xarajatlari va yetkazib berish muddati ham muhim omil hisoblanadi. Kaspiy orqali Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqish yo‘nalishlari bu cheklovni yumshatishi mumkin. Ayni vaqtda ular Ozarbayjon uchun ham xizmatlar sohasini kengaytirish va iqtisodiy faollikni oshirish imkoniyatini yaratadi.
Biroq transport yo‘lagi mavjudligining o‘zi hudud rivojlanganini bildirmaydi. Yuklar mamlakat hududidan o‘tib ketishi, mahalliy korxonalar esa yangi bozor imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanmasligi mumkin. Shu nuqtai nazardan, transport aloqalarini mintaqada ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshligi bilan birgalikda baholash lozim. Qaysi tarmoqlar yangi bozorga chiqa oladi, eksport tarkibida qayta ishlangan mahsulot ulushi ortadimi, mahalliy xizmat ko‘rsatish sohasi qanday rivojlanadi – asosiy natijalar shularda bilinadi.
Shu bilan birga, xalqaro yo‘nalishlarning ko‘payishi tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada barqaror qiladi. Muqobil yo‘l mavjudligi siyosiy yoki iqtisodiy beqarorlik davrida ham savdoni davom ettirish imkonini kengaytiradi. Demak, Kaspiy orqali hamkorlikning ahamiyati faqat tranzit daromadida emas, tashqi iqtisodiy xavflarni kamaytirishida hamdir.
– Energetika sohasidagi hamkorlikni yangi taraqqiyot omiliga aylantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak, sizningcha?
– Markaziy Osiyoda quyosh, shamol va gidroenergetika imkoniyatlari turlicha taqsimlangan. Ozarbayjon esa an’anaviy energetikadagi tajribasi bilan birga qayta tiklanuvchi manbalarni ham rivojlantirmoqda. Bu farqlar o‘zaro manfaatli aloqalarga zamin yaratadi. Lekin “yashil” energetikaning taraqqiyotini faqat yangi stansiyalar yoki elektr energiyasi eksporti bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Masala kengroq. Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarilishi ko‘paygani sari tarmoqlar barqarorligi, energiyani saqlash, muhandislik kadrlari va texnik xizmat ko‘rsatishga talab ham ortadi. Agar ushbu ehtiyojlarning barchasi tashqi ta’minot orqali qoplansa, tabiiy resurslarga bog‘liqlikning bir qismi texnologik bog‘liqlik bilan almashishi mumkin.
Shu bois energetika sohasidagi hamkorlikni sanoat va ta’lim siyosati bilan bog‘lash zarur. Yirik sarmoyalar mahalliy korxonalarning texnologik salohiyatini oshirishi, muhandislarning malakasini yuksaltirishi va yangi kasblarni shakllantirishi kerak. Shu bilan birga, tashqi bozorga energiya sotish imkoniyatlari ichki iste’molchilarning uzoq muddatli ehtiyojlari bilan muvozanatda bo‘lishi lozim. Aks holda eksport o‘sishi iqtisodiyotning umumiy barqarorligiga kutilgan hissani qo‘shmasligi mumkin.
– Global iqlim o‘zgarishi ikki hududning umumiy kelajagiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?
– Iqlim o‘zgarishining davlatlarga ta’siri bir xil bo‘lmaydi, albatta. Markaziy Osiyoda muzliklarning qisqarishi, suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligining iqlimga bog‘liqligi muhim o‘rin tutadi. Ozarbayjon uchun ham suv resurslari masalasi dolzarb, ammo uning Kaspiy dengizi sohilida joylashgani qo‘shimcha xavflarni keltirib chiqaradi. Xususan, dengiz sathining pasayishi portlar, transport va sohil ekotizimlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, bir mamlakatda amalga oshirilgan yirik infratuzilma loyihasi qo‘shni mamlakatdagi tabiiy o‘zgarishlardan mustaqil bo‘la olmaydi. Kaspiyning bir sohilidagi port modernizatsiya qilingan taqdirda ham, boshqa sohildagi infratuzilma tabiiy sharoitga moslashmasa, butun tashish tizimida muammolar saqlanib qoladi.
Hamkorlikning yangi yo‘nalishlaridan biri katta iqtisodiy loyihalarni kelgusi o‘n yilliklardagi iqlim sharoitini hisobga olgan holda rejalashtirish bo‘lishi kerak. Bu faqat ekologik ekspertiza emas, balki investitsiyalarning uzoq muddatli samaradorligini ta’minlash masalasidir. Iqlim xavflari o‘z vaqtida hisobga olinsa, kelajakda yuzaga keladigan ortiqcha xarajatlarning oldini olish mumkin.
– Iqtisodiy hamkorlik kengayishi oddiy aholi turmushida ham sezilishi uchun nimalarga ahamiyat berish lozim, deb o‘ylaysiz?
– Barqaror rivojlanishning eng muhim mezonlaridan biri iqtisodiy o‘sish natijalarining aholi farovonligiga ta’siridir. Yirik sarmoya loyihasi ish o‘rinlari yaratsa-yu, mahalliy korxonalar unda kam ishtirok etsa, iqtisodiy foydaning sezilarli qismi hududdan tashqarida qolishi mumkin. Bu holat transport, energetika va turizm sohalarida ham uchraydi.
Shuning uchun hamkorlik natijalarini faqat savdo aylanmasi yoki jalb etilgan investitsiya bilan baholamaslik kerak. Mahalliy tadbirkorlikning kengayishi, aholining kasbiy imkoniyatlari, yangi ish o‘rinlarining sifati va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutning kamayishi ham hisobga olinishi zarur.
Ayniqsa, ilm-fan va ta’lim sohasidagi aloqalarga uzoq muddatli sarmoya sifatida qarash kerak. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yoshlari uchun umumiy mehnat bozori haqida gapirishdan oldin, iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishni kuchaytirish kerak. Hamkorlikning eng barqaror natijasi inson kapitali rivojlanganida namoyon bo‘ladi.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA