"Özbekiston jurnalistlarining Axloq-odob kodeksi" loyihasi muhokama qilindi
Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi qoşidagi Işçi guruh tomonidan milliy jurnalistikaning zamonaviy rivojlaniş tendensiyalari, media makonidagi yangi talablar hamda ilğor xalqaro tajribalar asosida işlab çiqilgan yangi tahrirdagi “Özbekiston jurnalistlarining Axloq-odob kodeksi” loyihasi soha vakillari, keng jamoatçilik muhokamasiga qöyilgan.
Z.M.Bobur nomli Andijon viloyati Axborot-kutubxona markazida uşbu kodeks loyihasi muhokamasiga bağişlangan yiğiliş bölib ötdi. Unda viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, soha faxriylari iştirok etdi.
Yiğilişda Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi Andijon viloyati bölimi raisi vazifasini bajaruvçi Ibrohimjon Zufarov söz olib, kodeks loyihasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida gapirdi.


– Mazkur hujjat jurnalistlar, tahririyatlar, axborot agentliklari, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, onlayn platformalar hamda jamoat manfaatlariga daxldor axborotlarni muntazam tayyorlaydigan va tarqatadigan media subʼektlari faoliyatida amal qilinişi lozim bölgan kasbiy-axloqiy meʼyorlarni belgilaşga qaratilgan, – deydi Ibrohimjon Zufarov. – Kodeks loyihasining asosiy maqsadi jurnalistika sohasida kasbiy masʼuliyatni kuçaytiriş, axborotning haqqoniyligi va işonçliligini taʼminlaş, inson huquqlari hamda qadr-qimmatini himoya qiliş, tahririyatlar mustaqilligini mustahkamlaş va media faoliyatida oçiqlik hamda şaffoflik tamoyillarini yanada rivojlantirişdan iborat.
Yiğilişda “Adolat mezoni” gazetasi muharriri Maxpura Artiqova, jurnalist Muazzam Ibrohimova, Jurnalistlar uyuşmasi viloyat bölimi mutaxassisi Muqaddas Rahmonova va boşqalar söz olib, kodeks loyihasi xususida özlaring fikr-mulohazalarini aytib ötdi.


Şuningdek, kodeks loyihasida belgilangan asosiy tamoyillar, jurnalistning kasbiy masʼuliyati, axborot tarqatişda xolislik va haqqoniylikka rioya etiş, inson qadr-qimmati va şaxsiy hayoti daxlsizligini hurmat qiliş kabi muhim masalalar xususida mulohazalar bildirildi.
Xususan, kodeks loyihasida Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi huzurida mustaqil Etika komissiyasini taşkil etiş, murojaat va şikoyatlarni körib çiqiş tartibi hamda tahririyatlar faoliyatida masʼuliyat va oçiqlikni taʼminlaşga doir normalarning nazarda tutilganligi ham muhim ekanligi qayd etildi.
Uşbu hujjat mamlakatimiz jurnalistlarining professional faoliyatida muhim örin tutişi taʼkidlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
ÖzA muxbiri