O‘zbekiston – Janubiy Koreya: Strategik hamkorlikning yangi innovatsion bosqichi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatida yuqori texnologiyalar, investitsiyalar va innovatsion rivojlanishga asoslangan strategik sheriklikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Shu bilan birga, mamlakat tashqi siyosatida iqtisodiy diplomatiya ham muhim o‘rin egallab, ayniqsa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ilg‘or iqtisodiyotlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonlarda Janubiy Koreya Respublikasi bilan munosabatlar alohida ahamiyat kasb etib, amaliy hamkorlikdan chuqur integratsiyalashgan strategik iqtisodiy sheriklik bosqichiga o‘tmoqda.
Davlat rahbarlarimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda raqamli va yashil iqtisodiyot yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni kengaytirishga zamin yaratmoqda. Shu nuqtai nazardan, Janubiy Koreya bilan hamkorlik nafaqat savdo-iqtisodiy aloqalar hajmi bilan, balki texnologik transfer, institutsional rivojlanish va inson kapitalini oshirish kabi yo‘nalishlarda ham o‘zining strategik ahamiyatini tobora mustahkamlab bormoqda.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, qisqa tarixiy davr ichida u “alohida strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunda Koreya Respublikasi O‘zbekiston iqtisodiyotining modernizatsiya jarayonida eng faol ishtirok etayotgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Xususan, statistik ma’lumotlar va xalqaro moliya institutlari tahlillariga ko‘ra, Koreya O‘zbekistondagi eng yirik investor davlatlar qatoriga kiradi va umumiy investitsiya portfeli bir necha milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Bu investitsiyalar asosan energetika, neft-gaz kimyosi, mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish va infratuzilma kabi strategik sohalarga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, raqamli texnologiyalar va “aqlli shaharlar”, ta’lim, kadrlar tayyorlash hamda boshqa yana ko‘plab sohalarda yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
E’tirof etish joiz, Koreyaning rivojlanish modeli eksportga yo‘naltirilgan sanoatlashtirish, innovatsiyalarni keng joriy etish va inson kapitaliga sarmoya kiritish bo‘lib, bu O‘zbekiston uchun muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu jihatdan, ikki tomonlama hamkorlik faqat moliyaviy resurslar bilan cheklanmay, balki ilg‘or texnologiyalar transferi va boshqaruv tajribasini o‘zlashtirishni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, “Korea Gas Corporation”, “Lotte Chemical” va “Samsung” kabi yirik kompaniyalar ishtirokidagi loyihalar yurtimiz sanoatini modernizatsiya qilishda muhim rol o‘ynamoqda. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi bunga yaqqol misol bo‘lib, u nafaqat yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi, balki eksport salohiyatini ham oshirmoqda.
So‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sish dinamikasini namoyon etib, sanoat, kimyo, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy savdo yo‘nalishlarini tashkil etmoqda. Janubiy Koreya O‘zbekiston tashqi savdosida eng yirik hamkorlardan biri bo‘lib, uning mamlakatimiz umumiy savdo aylanmasidagi ulushi 2025-yilda 2,1 foizni tashkil etdi.
Qolaversa, Koreya O‘zbekiston uchun yuqori texnologiyali uskunalar va sanoat komponentlari yetkazib beruvchi sifatida muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston esa o‘z navbatida xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar eksportini amalga oshiradi. Ayniqsa, Koreaning “Eximbank” hamda boshqa rivojlanish institutlari tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar va grantlar diyorimizda transport, energetika va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda muhim ahamiyatga ega.
E’tiborlisi, Koreya Respublikasi “yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, raqamlashtirish va sun’iy intellekt kabi sohalarda yetakchi davlat sifatida O‘zbekiston uchun muhim hamkor bo‘lib, energiya samaradorligini oshirish, karbon chiqindilarini kamaytirish va “aqlli shaharlar” konsepsiyasini joriy etishda tajriba almashish imkonini bermoqda. Bu jarayon global iqtisodiy transformatsiya sharoitida respublikamizning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Inson kapitalini rivojlantirish ham ikki tomonlama hamkorlikning ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan Toshkentdagi Inha universiteti, Ajou universiteti kabi oliy ta’lim muassasalari zamonaviy muhandislik, axborot texnologiyalari va menejment yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim rol o‘ynamoqda. Bundan tashqari, Koreya tajribasi asosida kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion infratuzilmani kengaytirish yo‘nalishlarida hamkorlik kuchaymoqda.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar ham aynan shu ustuvor yo‘nalishlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Uchrashuv davomida investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiyotining diversifikatsiyasi, eksport salohiyatining oshishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, Janubiy Koreya kabi texnologik jihatdan rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik qilgan mamlakatlar iqtisodiy modernizatsiya jarayonini tezlashtirish imkoniga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, O‘zbekiston-Koreya hamkorligi nafaqat ikki tomonlama manfaatlarga xizmat qiladi, balki Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga ham hissa qo‘shadi. Kelgusida bu aloqalar innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot va yashil texnologiyalar asosida yanada rivojlanishi kutilmoqda, bu esa Yangi O‘zbekistonning global iqtisodiy tizimdagi o‘rnini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Nigora Mahmasobirova,
TDSHU “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi katta o‘qituvchisi.
O‘zA