O‘zbekiston-Belarus: atom energetikasi sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
“O‘zatom” agentligi delegatsiyasining Minsk shahriga tashrifi doirasida Belarus tomoni bilan ishchi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida kadrlar tayyorlash va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Dastlab Minsk davlat energetika kolleji direktori Aleksandr Novikov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Jizzax politexnika instituti negizida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash markazini tashkil etish, shuningdek, elektr montajchilari, payvandchilar va boshqa texnik mutaxassislarni tayyorlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Yarim asrdan ortiq tajribaga ega kollej shu vaqtga qadar 20 mingdan ziyod mutaxassisni yetishtirgan bo‘lib, 2009-yildan buyon Belarus AESi uchun ham kadrlar tayyorlab kelmoqda.
Uchrashuvda Belarusning kadrlar tayyorlash borasidagi tajribasini O‘zbekistondagi atom loyihasi ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda ta’limni ishlab chiqarish bilan bog‘lash va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish orqali atom elektr stansiyasini qurish hamda undan foydalanish uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “O‘zatom” delegatsiyasi “Bellegprom” konserni raisi Nadejda Lazarevich va korxona rahbariyati bilan uchrashdi. Muzokaralarda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi doirasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mahsulotlarini dunyoning 60 dan ortiq davlatiga yetkazib berayotgan konsern O‘zbekistondagi muhim loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Agentlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida atom energetikasi uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Mazkur yo‘nalishlar mamlakatimizning atom energetikasi loyihasini zarur mutaxassislar bilan ta’minlash va ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA