Urganchda Yevropa kinofestivali
Shu kunlarda Xorazm viloyatida XI Yevropa kinofestivali o‘tkazilmoqda.
XI Yevropa kinofestivalining ochilishi arafasida Urganch shahridagi madaniyat markazida jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlari hamda madaniyat tashkilotlari vakillari ishtirokidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar va O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining hududiy boshqarmasi rahbari Faxriddin Salayev ochib berdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar XI Yevropa kinofestivali shukuhini tomoshabinlar bilan baham ko‘rish maqsadida Xorazm viloyatiga maxsus tashrif buyurib, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuvning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
– 2013-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Yevropa kinofestivali har yili kino ixlosmandlarini bir joyga jamlab, mamlakatning eng kutilgan madaniy tadbirlaridan biriga aylandi, – deydi Toyvo Klaar. – O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonning to‘qqizta viloyatida Yevropa Ittifoqiga a’zo deyarli barcha davlatlar hamda boshqa Yevropa mamlakatlarining 120 dan ortiq filmi namoyish etildi. Yevropa kinosining boy va rang-barang namunalari Navoiy, Nukus, Shahrisabz, Farg‘ona, Jizzax, Buxoro va boshqa shaharlarda tomoshabinlar e’tiboriga havola etilib, doimo ommaning katta qiziqishi hamda iliq e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Matbuot anjumani davomida ishtirokchilar festivalning Xorazm viloyati uchun mo‘ljallangan dasturi bilan tanishtirildi. Unga ko‘ra, xorazmliklar festival kunlari yevropalik mualliflarning uchta filmini tomosha qilishi mumkin bo‘ladi.
[gallery-32198]
Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatrda namoyish etiladigan Fransiya va Lyuksemburg kino ijodkorlari tomonidan yaratilgan “Bog‘dagi qayiq” animatsion filmi, gretsiyalik rejissyor Vasilis Ksirosning “Momiq ayiqcha hayotidan bir kun” romantik hikoyasi hamda O‘zbekistondagi Gyote instituti tomonidan taqdim etilgan “Karla” nomli nemis dramasi festival dasturidan o‘rin oldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari