Popda keyingi yil hosili uchun puxta zamin yaratilmoqda
Namangan viloyati Pop tumanida 2027-yil hosili uchun yer maydonlarini sifatli tayyorlash va kuzgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Tumandagi «Shuhrat Umid servis» fermer xo‘jaligi dala maydonida kuzgi shudgorlash ishlarini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari A. Abdusalomov, tuman hokimi G‘. Murodxo‘jayev hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminarda yer maydonlaridan samarali foydalanish, foydalanishdan chetda qolgan yerlarni qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish, ichki ariqlarni tozalash, shuningdek, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish masalalari muhokama qilindi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, tumanda joriy kuzgi mavsumda jami 16 ming 334 gektar yer maydonida shudgorlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 13 ta otryad tashkil etilgan bo‘lib, 33 ta yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikasi jalb qilingan.
Kuzgi agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish, yerning unumdorligini saqlash hamda mavjud resurslardan oqilona foydalanish kelgusi yilda mo‘l hosil yetishtirishning muhim omillaridan hisoblanadi.
[gallery-32200]
Seminar yakunida hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida ko‘chatlar o‘tqazildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA