Innovatsion g‘oyalardan amaliy yechimlarga: “InnoWeek–2026” xalqaro haftaligi start oldi
Poytaxtimizda “O‘zgarayotgan dunyo uchun innovatsiyalar” shiori ostida “InnoWeek–2026” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z ishini boshladi.
Uch kun davomida ilm-fan yutuqlari, zamonaviy texnologiyalar, istiqbolli ishlanmalar va yangi biznes g‘oyalar namoyish etilib, mahalliy hamda xorijiy hamkorlar o‘rtasida tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari, xalqaro ilmiy markazlar olimlari, texnologiya sohasi ekspertlari, startap ekotizimi ishtirokchilari, yosh innovatsiyachilar, ixtirochilar, tadbirkorlar hamda investorlar qatnashdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish va mamlakatning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarishda haftalikning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, mahalliy olimlar va ilmiy muassasalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ilmiy izlanishlarni iqtisodiyotning real ehtiyojlariga yo‘naltirish hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish muhimligi qayd etildi.
Haftalikda 30 dan ortiq davlatdan 200 nafarga yaqin vakil, 50 ga yaqin xalqaro kompaniya, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlar ishtirok etmoqda. Jumladan, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSH, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Singapur, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Hindiston, Eron, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari ushbu xalqaro maydonda jam bo‘lgan.

Tadbirning asosiy yo‘nalishlaridan biri innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasidir. 15 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilgan ko‘rgazmada jami 265 ta eksponent, jumladan, 225 ta mahalliy va 40 ta xorijiy ishtirokchi o‘z mahsulot va ishlanmalarini taqdim etmoqda. Ko‘rgazma hududida 12 ta blok va 240 ta stend tashkil etilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar e’tiboriga 750 ta innovatsion mahsulot havola qilinmoqda. Unda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, innovatsion tadbirkorlik sub’ektlari, spin-off kompaniyalar, yosh startapchilar, Yashnobod texnoparki va hududiy yoshlar texnoparklari, Jahon bankining “MUNIS” loyihasi ishtirokchilari, ixtirochilar hamda ratsionalizatorlar o‘z ishlanmalarini namoyish etmoqda.
Tadbirlar doirasida olimlar, tadqiqotchilar, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yilib, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, ularni tijoratlashtirish va yangi loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Xalqaro biznes hamkorlikni rivojlantirish ham haftalikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. B2B uchrashuvlar orqali mahalliy korxonalar xorijiy kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish, o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qilish va qo‘shma loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday uchrashuvlar ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, innovatsion mahsulotlarni bozorga olib chiqish hamda xalqaro biznes munosabatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA