O‘zbekiston-AQSH: zamonaviy seysmik komplekslar joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Joriy yilning 16-18-iyun kunlari Toshkent shahri xalqaro investitsiyaviy muloqotlar markaziga aylanadi. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, energetika va uglevodorod resurslarini o‘rganish sohasidagi loyihalar alohida e’tibor markazida turibdi.
Forum doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati AQSHning seysmik texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi “INOVA” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda neft va gaz qidiruv ishlarini zamonaviylashtirish, sohaga yuqori texnologiyali yechimlarni jalb qilish hamda ish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri seysmik qidiruv ishlarida qo‘llaniladigan zamonaviy komplekslarni xarid qilish va ularni amaliyotga joriy etish masalasi bo‘ldi. Xususan, 20 ming kanalli ikkita zamonaviy seysmik kompleksni xarid qilish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Shu tariqa umumiy quvvati 40 ming kanalga teng bo‘lgan zamonaviy tizimlarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu texnik vositalar yer osti qatlamlarini yanada aniq tahlil qilish, istiqbolli kon maydonlarini belgilash va geologik ma’lumotlarni yuqori sifatda shakllantirish imkonini beradi.
Muzokaralar jarayonida texnik ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda loyihaning iqtisodiy jihatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar xarajatlarni maqbullashtirish, yetkazib berish shartlari va uzoq muddatli hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildi.
Mutasaddilar qayd etganidek, zamonaviy seysmik texnologiyalarni joriy etish geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini sezilarli darajada oshirish, sohada raqamli va innovatsion yondashuvlarni kengaytirish hamda neft-gaz tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA