O‘zbekiston – Afg‘oniston: urug‘chilik sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilinmoqda
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Shermuhammad Aminov boshchiligidagi qishloq xo‘jaligi mutaxassislaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Afg‘onistonning Qunduz viloyatida amaliy safarda bo‘lib turibdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida agrar hamkorlik turlari ham yanada mustahkamlanib, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot rivojlanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday amaliy hamkorlik qo‘shnichilik tamoyillari va o‘zaro manfaatli munosabatlarning muhim namunasi hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, tashkil etilgan safar davomida delegatsiya vakillari “Spinzor” kompaniyasi rahbariyati bilan g‘alla va paxta urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, yuqori sifatli urug‘lik yetishtirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan muzokaralarda ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvlar urug‘chilik sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
G.Boboyeva, O‘zA