“O‘zatom” agentligi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi
Xalqaro standartlar, samarali nazorat va yuksak mas’uliyat “O‘zatom” agentligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri. Bu boradagi sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001:2025 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Ushbu natija tashkilotda korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va bartaraf etish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda boshqaruv jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ko‘rsatadi.
Standartni joriy etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 124-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi. “CERT International” xalqaro sertifikatlashtirish organi auditorlari tomonidan joriy yilning iyul va oktabr oylarida o‘tkazilgan auditlar natijasida mazkur tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi xalqaro standart talablariga to‘liq muvofiq ekani tasdiqlandi.

Sertifikatni topshirish marosimida “O‘zatom” agentligi direktori o‘rinbosari Nozim Muksinov, “CERT International” tashkiloti direktori Riad Ibragimov va boshqalar so‘zga chiqib, halollik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni agentlik faoliyatining barcha bosqichlarida ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, xalqaro standartlarga muvofiq ish yuritish belgilangan talablarga rioya qilish bilan bir qatorda, xodimlarning mas’uliyatini oshirish, halollik tamoyillarini mustahkamlash va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni ham nazarda tutadi.
Marosim doirasida agentlikning ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmasi xodimlariga “CERT Academy”ning ISO 37001:2025 standarti bo‘yicha menejer va ichki auditorlarni tayyorlash dasturini muvaffaqiyatli yakunlaganlik sertifikatlari ham topshirildi. Bu qadam mutaxassislarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, ichki nazorat tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Korrupsiyaga qarshi samarali tizimni shakllantirish faqat ichki qoidalarni belgilash bilan cheklanmaydi. Bu jarayon xodimlarning malakasini oshirish, korrupsiyaviy xavflarni muntazam baholash, nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va tashkilotda halollik madaniyatini qaror toptirishni talab etadi.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, ISO 37001:2025 xalqaro standartining joriy etilishi “O‘zatom” agentligida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini mustahkamlash va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu natija agentlikning ochiqlik, halollik va mas’uliyat tamoyillariga sodiqligini namoyon etib, sohada ishonchli va shaffof faoliyat yuritish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA