Turkiy dunyo yoshlarining III uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Turkiyaning Trabzon shahrida 21 davlat yoshlarini birlashtirgan Turkiy dunyoning III uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniy diplomatiyadan sun’iy intellektgacha bo‘lgan muhim mavzular muhokama etildi.
Yurtimizda yoshlar siyosati yangicha qiyofa kashf etayotgani sir emas. Bunda ularning har tomonlama yetuk bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochiq. Qolaversa, xalqaro tajribaga ega bo‘lishlari uchun ham zarur sharoitlar mavjud.
Turkiyaning Trabzon shahrida TURKSOY va mahalliy hokimlik hamkorligida Turkiy dunyo yoshlarining III uchrashuvi tashkil etildi.
Unda 21 mamlakatdan 140 nafar yosh ishtirok etdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlar, soha vakillari hamda Yoshlar ishlari agentligi tavsiyasi bilan saralangan yoshlardan iborat delegatsiya ham qatnashdi.

Tadbir doirasida Turkiy dunyoning umumiy madaniy merosini asrab-avaylash, yoshlar hamkorligini mustahkamlash, madaniy diplomatiya, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi. “Ochiq minbar” sessiyasida ishtirokchilar o‘z g‘oya va loyihalarini taqdim etib, fikr almashdi.
Shuningdek, Turkiya milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Shenol Gunesh yoshlar bilan uchrashib, sport sohasidagi ko‘p yillik tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Dastur davomida delegatsiya a’zolari Trabzon shahrining tarixiy obidalari va diqqatga sazovor maskanlari bilan ham tanishdi.
Sherbek Islomov,
O‘zA