Xodimga qo‘shimcha vazifa yuklatish tartibi qanday?
Huquqiy munosabat
Zamonaviy mehnat bozorida tashkilot rivojlanishi va ish jarayonini samarali tashkil etish maqsadida xodimlarga qo‘shimcha vazifalarni yuklash tez-tez kuzatiladigan holatdir. Ammo bu jarayon shunchaki rahbarning og‘zaki topshirig‘i bilan emas, balki amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rasmiylashtirilishi shart.
Xo‘sh, Yangi Mehnat kodeksiga asosan, xodimga qo‘shimcha majburiyatlar yuklash qanday tartibga solinadi? Ish beruvchi va xodim ushbu jarayonda qanday huquq hamda majburiyatlarga ega?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagicha huquqiy tushuncha berdi:
–Xodimga qo‘shimcha vazifa yuklatish (vazifalarni kengaytirish yoki bir nechta lavozimda ishlash) O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi asosida tartibga solinadi. Bu jarayon xodimning roziligi va qo‘shimcha haq to‘lanishini talab etadi.
Qo‘shimcha vazifa doimiy bo‘lsa, yozma kelishuv bo‘lishi kerak. Mehnat kodeksining 116-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra, xodimga qo‘shimcha vazifa doimiy yuklatilsa, buni mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv bilan rasmiylashtirish kerak. Aks holda, bu qonun buzilish hisoblanadi va ish beruvchining ma’muriy javobgarligini keltirib chiqaradi.
Agar vaqtincha, ya’ni muddatli bo‘lsa, buni xodimning roziligi bilan ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtirish mumkin. Mehnat kodeksining 116 va 259-moddalariga asosan qo‘shimcha vazifa yuklatilganda qo‘shimcha to‘lov to‘lanishi kerak. Faqat vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning ishini bajarish qonunchilik, mehnat shartnomasi va mansab yo‘riqnomasida ko‘rsatilganda qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.
Shuningdek, Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki davlat himoyasida turadi. Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jarohatlansa yoki sog‘lig‘iga zarar yetsa, yetkazilgan zararning o‘rni davlat organi tomonidan qoplanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat majburiyatlarini bajarayotganda vafot etsa, uning qaramog‘idagi oila a’zolariga o‘rtacha yillik ish haqining 6 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik nafaqa to‘lanadi. Xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda davlat fuqarolik xizmatchisining mol-mulkiga yetkazilgan zarar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA