Toshkentda daraxtlarni changdan yuvish ishlari olib borilmoqda
Toshkent shahrida kuz mavsumining haddan tashqari quruq va kamyog‘in kelishi ortidan poytaxt ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbir boshlandi.
Xususan, Toshkent shahar hokimligi va Shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan markaziy ko‘chalar va istirohat bog‘laridagi daraxtlar hamda yashil maydonlarni changdan tozalash va yuvish ishlari olib borilmoqda.
“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyi o‘ta qurg‘oqchil kelgan. Bunday sharoitda yashil maydonlar va shahar muhitiga qo‘shimcha g‘amxo‘rlik ko‘rsatish qanchalik muhimligini anglagan holda, maxsus obodonlashtirish xizmatlari changlanish oqibatlarini kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.

Jumladan, maxsus texnikalar yordamida suv sepilib, daraxtlarning shox-shabbalarini ehtiyotkorlik bilan yuvish, barglarni o‘rnashib qolgan changdan tozalash va shahar hududining ayrim qismlarini qo‘shimcha ravishda namlantirish ishlari olib borilmoqda.
Bu choralar tabiiy yog‘ingarchilik o‘rnini bosa olmaydi yoki chang muammosini butunlay hal qilmaydi. Biroq, bir qarashda kichik tuyulgan bunday sa’y-harakatlar ham qulay mikroiqlimni saqlash va aholi uchun yanada yaxshi sharoitlar yaratishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Mas’ul tashkilotlar sa’y-harakatlari bilan poytaxt ekologik barqarorlik sari izchil odimlamoqda va bu ishlarning markazida hamisha shaharliklarning farovonligi, yashil hududlarni asrab-avaylash hamda poytaxtni yashash uchun yanada toza, yashil va qulay maskanga aylantirish maqsadi turadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA