Otadan 105,7 million so‘m undirildi
Aliment to‘lash nafaqat qonuniy majburiyat, balki har bir ota-onaning farzandi oldidagi yuksak insoniy va axloqiy burchidir.
Gap shundaki, bundan 11 yil oldin fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor G‘.S.dan undiruvchi S.S. foydasiga bir nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan.
Biroq ota bu majburiyatni bajarishni paysalga solib kelgan.
Byuroning Urganch tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga aliment to‘lovlariga befarqlik bilan qarash, voyaga yetmagan farzandni ta’minotsiz qoldirish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi haqida bir necha marotaba tushuntirilgan.
Olib borilgan targ‘ibot tadbirlari va tushuntirishlar samara berib, qarzdordan shu kungacha to‘lanmasdan kelingan 105,7 mln. so‘m aliment pullari undiruvchiga undirib berilishi ta’minlandi.
– Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlarning mas’uliyatini oshirish borasida targ‘ibot tadbirlari va tushuntirish ishlari doimiy ravishda amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z samarasini bermoqda, – deydi davlat ijrochisi D.Atamuratova.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA