“Kelajakka qadam”: Farg‘onada yoshlar va ish beruvchilar muloqoti
Mamlakatimizda yoshlarning intellektual va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar etib tayyorlash hamda bandiligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining zamon talablariga mos ravishda ish bilan ta’minlanishida bank-moliya muassasalari va xususiy sektor hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi tashabbusi bilan Farg‘ona davlat universitetida 2026–2027 o‘quv yili bitiruvchilari uchun maxsus “Workshop” tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bitiruvchi yoshlarning mehnat bozoriga integratsiyalashuvini jadallashtirish, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish hamda universitet va ish beruvchi korxona-tashkilotlar o‘rtasida manfaatli muloqot platformasini yaratishdan iboratdir.

Interaktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda “O‘zmilliybank” AJ Farg‘ona viloyati Bosh boshqarmasi, “Kelajakka qadam” markazi, Karera va bandlik markazi vakillari, shuningdek, “Wegweiser” nemis tili o‘quv markazi hamda “Dilrabo Travel” turistik kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir davomida talabalarga zamonaviy mehnat bozorining bugungi talablari, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va ishga joylashish imkoniyatlari, shuningdek, kasbiy ko‘nikmalarni muntazam oshirib borish hamda karerani to‘g‘ri rejalashtirish bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Ayniqsa, “Kelajakka qadam” markazi mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan taqdimotlar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda yoshlarga o‘z biznes loyihalarini yo‘lga qo‘yish bosqichlari, tadbirkorlikning afzalliklari va bu sohada muvaffaqiyatga erishishning muhim omillari amaliy misollar orqali tushuntirib berildi.



Muloqot savol-javob va munozaralar shaklida davom etib, talaba-yoshlar soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning o‘z kuch va bilimiga bo‘lgan ishonchini orttirish barobarida, ularning o‘qishni tamomlagach, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish o‘rniga ega bo‘lishlari va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati