Deputatlar, siyosiy partiyalar va mahalla hamkorligi mustahkamlanmoqda
Termizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi hamkorligida “Mahalliy vakillik organlari, siyosiy partiyalar va mahalla institutlari hamkorligini kuchaytirish masalalari” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalar vakillari, mahallalar faollari, Kengash kotibiyatlari mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturi doirasida mahalliy vakillik organlarining mas’uliyatini oshirish, deputatlarning saylovchilar bilan ishlash amaliyotini faollashtirish, aholi murojaatlarini o‘rganib, joylardagi ijtimoiy masalalarni hal etishda siyosiy partiyalar va mahalla institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.

Davra suhbatida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Z.Alimardonova, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi S. Abdurimov, xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi kotibiyat mudiri A.Samanov, xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani kengashi deputati R.Mengziyoyeva va boshqalar mamlakatimizda deputatlar maqomini oshirish va ularning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha muhim konstitutsiyaviy va qonunchilik islohotlari amalga oshirilganini qayd etdi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid tartiblari takomillashtirilib, prokuror taqdimnomasini ko‘rib chiqishning aniq muddat va bosqichlari, davlat organlari rahbarlari deputatlar so‘rovlariga 10 kundan kechiktirmay rasmiy javob qaytarishi shartligi belgilangani ta’kidlandi.

Islohotlar jarayonida deputatlarning mustaqil faoliyat yuritishi kafolatlanib, hokim va Kengash raisi vakolatlari ajratildi. Jumladan, yangilangan Konstitutsiya hokimlarning bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashi raisi bo‘lishi amaliyotiga chek qo‘ydi. Bu mahalliy Kengashlar va deputatlarning ijroiya hokimiyati (hokimliklar) ustidan nazorat funksiyasini keskin oshirdi. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, deputatlarning saylovchilar bilan mustahkam aloqa o‘rnatib, tizimli ishlashi kengashlardagi xalq vakillarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Deputatlarning xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatib, aholi muammolarini tinglashi va ularga yechim topishga qaratilgan jarayonda mahalliy Kengashlar faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashi, deputatlik so‘rovlari natijadorligini oshirishi, deputatlar, partiya guruhlari va mahalla faollari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishiga muhim vazifalardan biri sifatida qaralayotir.

Davra suhbati ishtirokchilari mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyatining ana shu yo‘nalishlari haqida atroflicha fikr almashdi. Xalq vakillarining saylovchilar bilan doimiy muloqotini yo‘lga qo‘yish, mahallalarda ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirib, ularni Kengashlar va doimiy komissiyalar muhokamasiga olib chiqish, qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish xususida so‘z yuritildi.
Viloyat aholisi vohadagi 723 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashaydi. Xalq deputatlari mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar olis va chekka mahallalarda ham bo‘lib, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va saylovchilari duch kelayotgan muammolarni o‘rganib, o‘rtaga tashlanayotgan masalalarni hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Davra suhbatida joylarda mahalliy vakillik organlari, siyosiy partiyalar va mahalla institutlari hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi. Mahalliy vakillik organlari, siyosiy partiyalar va mahalla institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirib, mahalliy Kengashlar faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash yuzasidan taklif, tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri